Davlat test markazi tomonidan ma’lum qilinishicha, 2020/2021-o‘quv yili uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining test topshiriqlari soddalashtiriladi.
Xabar berilishicha, Davlat test markazining Test texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasidagi Umumta’lim fanlari bo‘yicha test topshiriqlarini shakllantirish bo‘limi bu borada ish olib bormoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil qabul test sinovlarida qo‘llaniladigan test topshiriqlari o‘tgan yillarda foydalanilgan test topshiriqlariga nisbatan soddalashtiriladi.
Ta‘kidlanishicha, 2019/2020-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovlari jarayonida tarix va geografiya fanlaridan yozuvsiz xarita, jadval, rasmli test topshiriqlari qo‘llanilgan edi.
“Abituriyentlarning test topshiriqlarini tez anglab olishi, fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida endilikda chet tillarida (ingliz, nemis, fransuz) ham holatni ifodalashda rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda. Bu odatdagi talabdan ancha oson bo‘ladi”, — deyiladi DTM xabarida.
Shuningdek, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.
Bundan tashqari, ona tili va adabiyot fanidan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan va fanga oid chizmali test topshiriqlari sonini ko‘paytirish ustida harakatlar olib borilmoqda.
Kimyo fanidan shakllantirilayotgan test topshiriqlari tarkibida nazariy savollar sonining oshirilishi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlarini yaratish jarayonlari davom etmoqda.
Soddalashtirish ishlari fizika fani bo‘yicha ham amalga oshirilmoqda va bu quyidagi ko‘rinishda aks etadi:
- o‘tgan yillarda o‘tkazilgan qabul test sinovlarining mazkur fan bo‘yicha natijalari tahlili hamda fuqarolar murojaatlarini inobatga olgan holda fizika fanidan birinchi qiyinlik darajasidagi (eng oson) test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytiriladi;
- jami test topshiriqlari tarkibida nazariy test topshiriqlarining ulushi oshiriladi;
- abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi va u test sinovlari jarayonida taqdim etiladi.
Avvalroq “Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini yanada soddalashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur qaror loyihasi O‘zbekiston OTMlariga kirish imtihonlari yanada soddalashtirilishni ko‘zda tutadi.
Izoh (0)