O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari 13-avgust kuni e’lon qilindi.

Bilimni baholash agentligiga ko‘ra, tanlov natijalarini 3 xil usulda bilish mumkin:
- uzbmb.uz sayti orqali: saytiga abituriyentning pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqami kiritiladi;
- mandat.uzbmb.uz sayti orqali: saytga abituriyentning ID raqami kiritiladi;
- test natijalari qaydnomasi orqali: test natijalari qaydnomasi oliy ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.
O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun 732 411 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgandi. Oxirgi 7 yildagi abituriyentlar soniga qaralsa, joriy yilda ro‘yxatdan o‘tganlar eng kam miqdorni tashkil etdi.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida sirtqi shaklda o‘qishga qabul to‘liq to‘xtatildi. Sirtqi taʼlim o‘rniga kunduzgi ta’limdan boshqa muqobil ta’lim shakllari bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.
Izoh (0)