BMT va Butun jahon turizm tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n ikki yilda rivojlanayotgan mamlakatlarda turistlar soni asosan tabiiy yoki ekoturizm hisobiga amalga oshmoqda.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan Qoronko‘l qishlog‘i hududida Corrida Food oilaviy korxonasi tomonidan kichik turizm zonasi tashkil qilindi. Bu haqda “Daryo”ga korxona vakillari ma’lum qildi.
Hudud maydoni 176 gektarni tashkil qiladigan bu yerga Avstriya davlatidan zotdor 50 ta asl bug‘u va 45 ta Yevropa kiyigi keltirildi.
“Bundan ko‘zlangan maqsad — ekoturistlar e’tiborini jalb etadigan muhit yaratish. Tog‘li hududlarimizda ko‘zlari porlab turgan asl bug‘u va kiyiklarni chet ellik sayyohlar tomosha qilib havas qilsa, o‘z yurtdoshlarimiz va birinchi navbatda, yoshlarimiz tabiatni sevishni va asrashni o‘rganishidir”, — deydi korxona rahbari Baxtiyor Hojimatov.
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, bug‘u va kiyik shoxlaridan farmatsevtika sohasida dori-darmon tayyorlash uchun foydalaniladi. Qolaversa, kiyik go‘shtidan aholi salomatligini mustahkamlashga zarur oziqalarga boy sifatli go‘sht mahsulotlarini yetishtirish nazarda tutilgan.
Izoh (0)