Xitoyning Uxan shahri mezbonlik qilayotgan zamonaviy beshkurash bo‘yicha Osiyo-Okeaniya chempionati doirasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zosi Aleksandr Savkin 2020-yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Ta’kidlab o‘tish kerak, o‘zbek sporti tarixida bunday ko‘rsatkich birinchi bor qayd etilmoqda. Avvalroq ayollar o‘rtasida Alise Faxrutdinova saralash bosqichida uchinchi o‘rinni egallab, Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritgan edi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar jamoaviy reytingda beshinchi pog‘onani egallab, Olimpiya o‘yinlarining ikkita litsenziyasiga sazovor bo‘ldi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu sport turida o‘zbek sporti tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi. Mazkur musobaqada Osiyo va Okeaniya mintaqasining eng kuchli 12 terma jamoasidan ayollar o‘rtasida 26, erkaklar o‘rtasida esa 32 nafar sara beshkurashchilar bahs olib bordi.
Musobaqa yakunida terma jamoalarning kuchli beshligi quyidagi ko‘rinishga keldi:
- Janubiy Koreya
- Xitoy
- Qozog‘iston
- Yaponiya
- O‘zbekiston
Ma’lumot uchun, Rioda bo‘lib o‘tgan 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlarida 15 ta sport turi bo‘yicha jami 70 nafar o‘zbekistonlik sportchi ishtirok etgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)