Kecha, 18-avgust kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Zelenskiy va yevropalik yetakchilar bilan muzokaralar yakunida Rossiya va Ukraina yetakchilarining shaxsiy uchrashuviga tayyorgarlik boshlanishini e’lon qildi. Reuters agentligining manbasiga ko‘ra, uchrashuv Vengriyaning poytaxti Budapeshtda o‘tishi mumkin.
Shu bilan birga, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchrashuv o‘tkaziladigan joy sifatida Jenevani taklif qildi. Germaniya kansleri Fridrix Mertsning aytishicha, Tramp Rossiya prezidenti bilan telefon orqali suhbatda Putin va Zelenskiyning uchrashuvi keyingi ikki hafta ichida bo‘lib o‘tishi haqida kelishib olgan. Hozircha Rossiya yetakchisining Zelenskiy bilan uchrashuvga jur’ati yetadimi yoki yo‘q — noma’lum.

Qayd etilishicha, Kreml Putinning Ukraina prezidenti bilan uchrashuvga tayyorligini rasman tasdiqlamagan. Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Putin va Tramp telefon orqali suhbatda Ukraina bilan muzokaralarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazish masalasini muhokama qilganini tasdiqlagan.
Muhokamalardagi asosiy masalalardan biri Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari berilishi bo‘ldi. Zelenskiy uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida xavfsizlik kafolati nimalardan iborat bo‘lishini aniqlashtirdi. Bular: mamlakatning kuchli armiyasi, AQSHdan qurol xarid qilish bo‘yicha kelishuv va uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishdir.
Sammitdan oldin Financial Times gazetasi Kiyev Yevropa davlatlari mablag‘lari hisobidan AQSHdan 100 milliard dollarlik qurol import qilishi haqida yozgandi. Ukraina yetakchisi ham bu xabarni tasdiqlab, Kiyev va Yevropa davlatlari o‘rtasida 90 milliard dollarlik kelishuv borligini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina uchun xavfsizlik kafolati AQSH va Yevropaning muvofiqlashtirilgan harakatlari asosida tatbiq etiladi. Biroq jarayonda Amerikaning qanday rol o‘ynashi hali aniq emas.
The Wall Street Journal nashri yevropalik amaldorlarga tayangan holda, xavfsizlik kafolatlari to‘rt elementdan iborat bo‘lishini yozdi: harbiy mavjudlik, havo hujumidan mudofaa, qurollar va jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha monitoring. AQSH va Yevropada tinchlikparvar kuchlarni yubormasdan turib, Ukrainaga qanday harbiy yordam ko‘rsatish mumkinligi bo‘yicha turli variantlar mavjud.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari Ukrainaning qurolli kuchlari va uning imkoniyatlarini hech qanday to‘siqsiz mustahkamlaydi. Nashr Rossiya o‘zining tinchlik takliflarida Ukraina qurolli kuchlari sonini cheklashni talab qilganini eslatib o‘tgan.
WSJ nashrining ta’kidlashicha, AQSH davlat kotibi Marko Rubio xavfsizlik kafolatlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar va NATO vakillaridan iborat ishchi guruhga rahbarlik qiladi. NATO bosh kotibi Mark Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlari konsepsiyasi ustida Yaponiya va Avstraliyani ham o‘z ichiga olgan 30 davlatdan iborat guruh ishlamoqda.
WSJ nashrining iddaosicha, Oq uydagi asosiy kelishmovchilik hududlar almashinuvi masalasi ustida bo‘lgan. Zelenskiy almashish masalasini ko‘rib chiqishni darhol rad etmagan. Biroq Rossiya ilgari surayotgan hududlar almashinuvini amalga oshirish uchun Ukraina konstitutsiyasini chetlab o‘tish qiyin bo‘lishini aytgan. Shu bilan birga, u proporsional almashinuv variantini ko‘rib chiqishga tayyor ekanini bildirgan. Bu nimani anglatishi esa hozircha noma’lum.
Yevropa mamlakatlari yetakchilari hududlar haqida suhbatda Putinning da’volari miqyosini Trampga tushuntirishga urinishgan. Yevropa yetakchilari Kremlning Donbassni so‘rashini Trampning tug‘ilib o‘sgan shtati Floridani Rossiyaga berib yuborishga qiyoslashdi.
Yevropa yetakchilari esa hozircha Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida faqat umumiy so‘zlar bilan fikr bildirishdi.
Izoh (0)