4,1 milliard so‘m bilan sotuvga qo‘yilgan “Temirchi” oltin koni auksionda 67 milliard 780 million 777 ming so‘mga sotildi.
Auksion savdolari 18-avgust kuni E-auksion platformasida 12 soatga yaqin davom etgan. Berilgan 309 ta takliflar orasida boshlang‘ich narxdan 16,5 baravar yuqori taklif bilan “Zauris” MCHJ g‘olib chiqdi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, asosiy faoliyat turi rangli metall rudalarini qazib olish bo‘lgan ushbu korxona joriy yilning 4-iyul kuni Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. 10 million so‘mlik ustav kapitalining 100 foiz ulushi korxona rahbari sifatida ham ko‘rsatilgan F.F.ga tegishli.

G‘olib belgilangan joylardan qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish huquqini qo‘lga kiritadi va amaldagi qonunchilikka muvofiq qidiruv ishlarini olib boradi.
Maʼlumot uchun, “Temirchi” oltin koni Zafarobod qishlog‘idan 26,7 km shimoli-g‘arbda va Navoiy shahridan 35 km shimolda joylashgan. Uning foydali qazilma resurslari hujjatlarda 6 tonna deya ko‘rsatilgan. Uning maydoni esa 249 gektarni tashkil etadi.
Avvalroq “Qumtor” konida 261 tonna oltin zaxirasi borligi to‘g‘risida xabar qilingandi. Konda avvaliga oltin zaxirasi taxminan 127 tonna edi, 2024-yil va undan oldin o‘tkazilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida 147,5 tonna oltin zaxiraga qo‘shildi.
Izoh (0)