Ijtimoiy tarmoqlarda 3-oktabr, payshanba kuni Kogon tumanidagi “Alinoz Shergiron” hamda “Barno-Bahrom” fermer xo‘jaligi dalalarida o‘quvchilarning dam olish kuni paxta yig‘im-terimiga jalb qilinayotgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Qayd etilishicha, Taytal qishlog‘i hududidagi dalalarda 15-umumta’lim maktabining 13 nafar o‘quvchisi paxta terayotgan bo‘lgan. Repost’ga ko‘ra, fermerlar bolalar Kogon tumani hokimi Yo‘ldosh Jumayev buyrug‘i hamda Kogon tumani xalq ta’limi bo‘limi ko‘rsatmasi bilan paxta dalasiga olib chiqilganini tan olgan.
Mazkur holatga Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan berilgan rasmiy bayonotda esa bir nechta mutasaddilar tomonidan ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan xabardagi holatning mutlaqo uydirma ekanligi, ular tomonidan o‘quvchilar paxta yig‘im-terimiga jalb etilmagani, yolg‘on xabar mamlakat xalq tizimi xodimlari sha’niga otilgan tosh ekani bayon etilgan.
“Daryo” muxbiri hamda boshqa OAV vakillari tumandagi “Tuni yiroq” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 15-umumta’lim maktabida bo‘ldi. Ma’lumotga ko‘ra, 390 o‘ringa moslashtirilgan mazkur maktabda ayni kunda 677 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil oladi. 270 nafari 1—4-sinflarda, 407 nafari 5—11-sinflarda, shundan 78 nafari Taytal qishlog‘ida joylashgan maktab filialida o‘qiydi.
— Kogon tumanida 21 ta umumta’lim maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi mavjud. Doimiy ravishda paxta yig‘im-terimiga bolalarni jalb etmaslik bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib boramiz. Xabar uydirma. Ammo tumanda jami 12304 nafar o‘quvchi borligini inobatga olsak, dars bo‘lmagan kunlari uchun biz hammasigayam kafolat berolmaymiz. Lekin o‘qituvchilar ham, direktorlar ham ogohlantirilgan, — dedi Kogon tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahron Qurbonov.
Tuman hokimi o‘rinbosari esa yakshanbami, bayram ta’tilimi yoki kechqurunmi, bir bolaning tirnog‘i qonasa ham ta’lim mutasaddilari o‘quvchilar uchun javobgar ekanligini ta’kidladi.
— Suratdagi rasmlar bizning o‘quvchilarimiz emas. Sinf rahbarlarigayam, har bir o‘quvchigayam ko‘rsatib chiqdik. Paxta mavsumi boshidanoq bolalarning paxta terimiga chiqmasligini qat’iy nazorat qilib kelyapmiz. Surat fotoshop bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilyapmiz. Xabarda “Alinoz Shergiron” fermer xo‘jaligidan tashqari “Barno-Bahrom” fermer xo‘jaligidagi holat borasida ham aytib o‘tilgan. “Barno-Bahrom” fermer xo‘jaligi Kogon shahriga yaqin qishloqda joylashgan. U tomondan bizning maktabga o‘quvchilar qatnamaydi. Bizning maktabdan biror o‘quvchi shu kuni paxta yig‘im-terimiga chiqmagan va bundan keyin ham chiqmaydi, — deydi 15-umumta’lim maktabi direktori Jamol Saidov.
Surishtiruv jarayonida o‘quvchilar bilan alohida suhbatlashilar ekan, ayrimlaridan bir xil “Biz faqat o‘qiymiz, paxtaga chiqmaymiz”, ba’zilaridan esa “Biz ota-onamizga faqat uy ishlariga qarashamiz” degan javob olindi. Bundan tashqari, bir nechasi qishloqda o‘sib-ulg‘ayishayotgan bo‘lishsa-da, paxta tera olmasligi, zarurat tug‘ilgandagina ota-onasiga dalaga ovqat yoki suv olib borishi, ayrimlari qo‘llaridagi qadoqlik mol-hollarni boqish uchun o‘t-hashak yig‘ishdan ekanligini aytdi.
Tuman hokimligi hamda ta’lim idoralari vakillarining bildirishicha, shov-shuvga aylanayotgan xabar tuman hokimidan qasd olish uchun sobiq “Samad o‘g‘li Maqsud” fermer xo‘jaligi rahbari, ayni paytda Kogon shahar “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdusamad Qurbonov tomonidan uyushtirilgan. Shuningdek, ushbu holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani bildirildi.
Maktab ma’muriyati o‘quvchilar mavsum boshidan buyon paxta terimiga umuman bormagani ta’kidladi hamda xabarda aks ettirilgan suratlar mazkur ta’lim muassasasi bolalari emasligi bo‘yicha dalolatnoma taqdim etdi.
— Holat yuzasidan Kogon tuman prokuraturasi tomonidan tekshiruv boshlandi. Ish davom etyapti. Natijasi bo‘yicha rasmiy axborot beriladi, — dedi viloyat prokurori o‘rinbosari Abbos Eshmurodov.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida biz “Alinoz Shergiron” hamda “Barno-Bahrom” fermer xo‘jaligi dalalariga yo‘l oldik.
“Alinoz Shergiron” fermer xo‘jaligi otryad rahbari Mirxon Temirov yuqorida ta’kidlangan “sahnalashtirilgan uydirma” tashkilotchisi Abdusamad Qurbonovning notanish va bashang kiyingan o‘rta yoshlardagi kishi bilan birga kelgani, so‘roqsiz, ularning e’tiroziga qaramay suratga olgani, o‘zi esa terimchilar paxtasini taroziga tortayotgani uchun ularga jiddiy e’tibor bera olmaganini so‘zladi.
Mirxon Temirovga ko‘ra, Qurbonov ayni tushlik chog‘ida ota-onasiga ovqat va choy olib kelgan bolalarni paxta dalasiga kirishga undagan. Ularga gazeta va televizorga chiqarish va’dasini bergan.
— Xabardagi suratni fermer xo‘jaligimiz dalalari bilan taqqoslayapmiz, bizda bunday paxta maydoni ham, bug‘doy ekilgan dala ham yo‘q. Hududda 16 ta fermer xo‘jaligi bor, — dedi M.Temirov.
Аmmo aslida gap bolalarning qaysi dalada ekanligi emas, balki ularning paxta terayotganida emasmi?
— Jami 33 gektar yer maydonimiz bor, shundan 13 gektari paxta, 17 gektari g‘alla yetishtirishga va 3 gektari chorvaga moslashtirilgan. Qishloq bolasi dala bilan. Men bolalarni dalada yo‘q, demayman, ular hozir borsangiz, hozir ham dalada bor. Lekin paxta yig‘im-terimi uchun chiqmagan. Shundoq paxta dalasi yonida bedapoya bor. Quruq o‘t-hashakidan bemalol foydalanishini ta’minlab qo‘yganman. Ona-otasi paxta terimi bilan mashg‘ul bo‘lgani uchun chorva mollariga bolalarning o‘zlari qarashadi. Mol-hollari uchun pechako‘ti, qamish va maysalar yig‘ib ketishadi. “Paxta dalasida bolalar bor”, degani bu ularning paxta teryapti, degani emas, — deydi “Barno-Bahrom” fermer xo‘jaligi rahbari, yosh fermer Nodir Zoyirov.
Dalalarga borganda haqiqatan bolalarning mol boqib, paxta dalalari etaklaridan o‘t-hashak yig‘ishayotganining guvohi bo‘ldik. Uzun va qumtuproq dala yo‘llaridan mashinada borar ekanmiz, e’tiborimizni hududdagi “Bahrom” fermer xo‘jaligida kichik yoshli bolaning aynan paxta dalasida ekani e’tiborimizni tortdi.
— Nima qilishim kerak, uyimda hech kim yo‘q. Darsi tugadi, uyga keldi. 8 yashar bolamni uyda yolg‘iz qoldirib kelaymi? Otasi ham dalada, paxta mavsumida yig‘im-terimga chiqmasam, ayting, qishloqda qachon pul ishlab olish mumkin? Bolamning xavfsizligi uchun o‘zim javobgarman. Uyda o‘g‘limni yolg‘iz qoldirib, o‘zim dalada tinchgina paxta tera olamanmi? — asabiylashgan ko‘yi so‘zladi fermer xo‘jaligi a’zolaridan biri.
Shundan so‘ng o‘zimizni qiziqtirgan, ya’ni mutasaddilarning ta’kidlashicha, “uyushtirilgan tomosha” muallifi Abdusamad Qurbonov bilan uchrashdik. “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘ini “Alinoz Shergiron” hamda “Barno-Bahrom” fermer xo‘jaligidan qariyb 25 kilometr uzoqlikdagi masofada joylashgan. 1952-yilda tug‘ilgan A.Qurbonov 2005-yilda o‘zi tashkil etgan “Samad o‘g‘li Maqsud” fermer xo‘jaligida rahbarlik qilib kelgan. O‘zining aytishicha, 3 yil surunkasiga paxtadan yetarli darajada hosil ololmagani, fermer xo‘jalikni yuritish shartlarini bajarolmay qolgani bois, 2018-yil dekabrida faoliyatni to‘xtatgan.
Vazirlar Mahkamasining “Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi”gi 2019-yil 9-yanvardagi 14-sonli qaroridan kelib chiqib, A.Qurbonovning fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydonlarini hokimlik zaxira fondiga qaytarish to‘g‘risidagi ixtiyoriy ravishda bergan arizasiga muvofiq, tuman hokimining 2019-yil 28-mart kungi 564-sonli qarori asosida mazkur xo‘jalikning jami 96 gektar (32,7 ekin, 46,8 qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan, 16,5 bog‘ va boshqa) yer maydonlari zaxira fondiga qaytarilgan. Tuman hokimining 2019-yil 22-apreldagi 870-sonli qaroriga ko‘ra, Rahim Safarov rahbarligidagi “Turon Kogon” fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan.
— “Turon Kogon” fermer xo‘jaligiga 25 turdagi texnika vositalarimni ham qo‘shib berganman. Ularni ayrim texnikalar nosozligi uchun o‘zim taklif qilgan 80 milliondan 10 million so‘m arzon qiymatga, ya’ni 70 million so‘m narxga sotdim. 13 yil davomida mehnatim va peshona terim to‘kilgan 8 gektarli bog‘ va baliqxona xarajati qoplanmagan bo‘lsa-da, Rahim Safarovga ishonib, hujjatlashtirib bergan edim. Undan tashqari, zaxkash osha ekin maydonlarigacha yetib keladigan suv quvurlari tortganman. Juda ko‘p marta uzoq yillar halol mehnatim evaziga bino bo‘lgan va havoda qolayotgan pulimni so‘rab bordim. Najot bo‘lmadi. Tuman hokimiga arz qilishimni bildirdim. U esa: “Men hokimga 4,5 tonna bug‘doy, 52 tonna bruschatka va boshqa odamgarliklar qilganman, endi senga hech qanaqa pul bermayman”, — deya qo‘pollik bilan javob berdi. Shundan so‘ng tuman hokimiga ham ushbu masala yuzasidan juda ko‘p marta murojaat etdim. Foyda bermadi. Bir oyog‘im hokimiyatda, bir oyog‘im mahallada bo‘ldi. O‘z pulimni ololmay, juda ko‘p ovora bo‘ldim, — dedi A.Qurbonov.
Shunga ko‘ra, A.Qurbonov ijtimoiy tarmoq blogeriga murojaat qilishga va holatga boshqacha yondoshishga qaror qilgan.
— Boshqa choram yo‘q edi. Ammo ijtimoiy tarmoqda yoritilgan va undan tashqari, tasvirga tushib qolgan boshqa bolalarni ham taniyman, xonadonigacha bilaman. Shu kuni paxta dalasida bolalar bor va paxta terishayotgan edi, — dedi “Daryo”ga A.Qurbonov. — Men yana andisha qilib, ijtimoiy tarmoqqa yoritilishidan oldin dalalarda paxta terayotgan bolalar suratlarini bildirgi bilan ma’lum qilgan holda tuman hokimligi hamda viloyat Fermerlar uyushmasiga yetkazdim. To‘rt kun kutdim, natija bo‘lmadi. Keyin ijtimoiy tarmoqqa jo‘natdim va shu kuni xabar yoritildi. Shu yo‘l bilan muammoyimni hal qilishga majbur edim.
A.Qurbonovga ko‘ra, dalalarda paxta yig‘im-terimiga jalb etilgan va suratlarda aks ettirilgan o‘quvchilar xonadoniga yo‘l oldik. Ta’mirga muhtoj, siyratidan kam ta’minlangan oila ekanligi ma’lum xonadonga kirar ekanmiz, suratda paxta yelkalab borayotgani aks etgan o‘quvchi qiz va uning onasi bizni qarshi oldi.
— Ikki o‘g‘lim va bir qizim bor. Yakshanba kuni uyda hech kim yo‘q, hovli-joyimning ahvolini ko‘rib turibsiz. Qiz bolani yolg‘iz qoldirib ketish mumkinmi? To‘g‘ri, turmush o‘rtog‘imni mehnat bilan band qilish uchun kelishdi. Ammo uch bolani taklif qilingan ishga to‘lanadigan maosh bilan boqa olmaymiz. Erim qishloqdoshlar uy yumushiga ko‘maklashish evaziga daromad topadi. Undan tashqari, bemor qaynukam bor. Uning ham sog‘lig‘i uchun mas’ulmiz. Paxtadan boshqa daromadimiz yo‘q, shuning uchun “Alinoz Shergiron” fermer xo‘jaligi dalasida paxta tergani faqat o‘zim chiqaman. Qizim esa yonimda yuradi, chunki uning xavfsizligi uchun xavotirlanaman, — dedi tumandagi 15-umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi Sarvinoz Jumayevaning (ism-sharifi o‘zgartirilgan) onasi.
Onaning hokimlik yoki maktab tomonidan hech qanday buyruq bilan emas, shunchaki o‘ziga yordam berishi uchun qizini terimga olib chiqqanini anglash qiyin emas.
Albatta, onaning ro‘zg‘orga jilla qursa, “to‘rt so‘m” daromad kiritish uchun paxta terimiga o‘quvchi qizi bilan birga chiqqanini aytishni istamayotgani fojia emas. Faqat biz shu yerda tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining: “...dars bo‘lmagan kunlari uchun biz hammasigayam kafolat berolmaymiz”, shuningdek, maktab direktorining: “Bizning maktabdan biror o‘quvchi paxta yig‘im-terimiga chiqmagan va bundan keyin ham chiqmaydi” degan ta’kidini esga oldik.
Buxoro viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirali Hamroyev tashabbusi bilan holat joyida xonadon bekasi jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan uch oy to‘lab boriladigan jamoat ishlariga biriktirildi.
Kun kechligida OAV hamda huquq-tartibot idoralari vakillari tomonidan kun davomida izlab topilgan va suratga ko‘ra, paxta terimiga jalb etilgan bolalar hamda A.Qurbonov bilan yuzma-yuz suhbatlashildi.
— Ha, aynan shu kishi (A.Qurbonovni ko‘rsatib) sizlarni gazetaga chiqaramiz va sovg‘a beramiz, dedi. Yetmagandek, kutilmaganda mening kepkamdan ushlab, o‘t jiyakidan paxta maydoniga tortib tushirdi. Men esa o‘shanda ham “mani maqtaganingiz ham, rasmga olganingiz ham kerak emas” deb qo‘rs gapirib tashladim. Shunga qaramay, bizni rasmga tushira boshladi, — dedi tumandagi 8-umumta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Shermatova.
Xuddi shu maktabning 7-sinf o‘quvchisi Kozim Toshpo‘latovning onasi “hali voyaga yetmagan bolamni o‘z manfaatingiz va bo‘lmag‘ur maqsadingiz uchun aldab, ijtimoiy tarmoqlarda rasmini yoyishdan vijdoningiz qiynalmadimi? Sochingizni qayerdan oqartirdingiz?” — dedi baqirgan holatda.
Ikki fermer o‘rtasida hal etilmagan mablag‘ masalasidagi mojaro hamda A.Qurbonovning ushbu muammoni yechishda tuman hokimi orqali qo‘llab-quvvatlanmagani unda alamzadalikni oshirgan. Bu uni dalada paxta terayotgan bir necha o‘quvchilarni suratga olishdan tashqari, dala boshida o‘t-hashak yig‘ib yurgan bolalarni ham aldab, rasmga tushishga undagan.
— 70 yoshga kiryapman, ammo qizishib ketganimni ham bilaman. Menda boshqacha to‘g‘ri yo‘l tutish imkoniyati ham bor edi. Ammo bir nechta joylarga murojaat etdim, hal bo‘lmadi. Hozirgina tuman hokimi meni qiynab kelayotgan muammoni biror soat ichida hal qilib beraman, dedi. Yana takrorlayman, peshona terim evaziga menga tegishli bo‘lgan va havoda turgan mablag‘imni undirish va ahamiyat bermagach, hokimdan alamimni olish, ular e’tiborini jalb qilish uchun tushlik paytida dalaga borib, holatni rasmlarga olib qaytdim, — dedi A.Qurbonov.
Ma’lumotga ko‘ra, A.Qurbonov go‘yo “Ulug‘bek” MFY raisi Toji Isomovni suratga olayotgan bahonasida televizorga va gazetaga chiqarish va’dasi bilan jo‘yakda o‘t-hashak yig‘ayotgan bolani paxta paykaliga olib tushib, uni suratga olgan. Toji Isomov ham bu ishga bevosita daxldor bo‘lib qolgan.
Kogon tumani hokimi Yo‘ldosh Jumayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda tuman IIB bo‘limi boshlig‘i, tumandagi barcha korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari rahbarlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga paxta yig‘im-terimi mavsumida voyaga yetmagan maktab o‘quvchilarini terimga umuman jalb qilmaslik bo‘yicha talabnoma bilan chiqqanini bildirgan va bu qat’iy nazoratga olingan.
Y.Jumayevning aytishicha, fuqaro Abdusamad Qurbonovning haqiqatan ham o‘ziga tegishli mablag‘ni “Turon Kogon” fermer xo‘jaligidan undirib olish bo‘yicha tuman hokimligiga murojaat etgan. Uning yerlari fermer Rahim Safarov yer maydoniga joriy yilning 28-martida qo‘shib berilgan va bu masala fermer e’tiboridaligini ta’kidlagan. A.Qodirovga bu borada bir necha marta bildirilgan va tegishli sudlarga murojaat qilishi mumkinligi tushuntirilgan.
R/S: Tuman hokimi va sobiq fermer o‘rtasidagi kelishmovchilik, o‘ziga tegishli mablag‘ni undirish uchun ovoragarlik alamini olish yoki mutasaddilar ta’biri bilan aytganda, “sahnalashtirilgan uydirma” — suratlarda aks etgan va dalada paxta terayotgan o‘quvchi-yoshlarning siyratini rad etmaydi. Bolalar mehnatidan foydalanmaslik uchun olib borilayotgan sa’y-harakatlar bunday tortishuvlar soyasida qolib ketmasligi kerak.
Izoh (0)