2020-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistondagi barcha avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari (AYoQSH)da (xususan, “gaz-zapravkalar”da ham) kecha-kunduz ishlaydigan hojatxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu Vazirlar Mahkamasi tomonidan 21-sentabr kuni qabul qilingan qarorda belgilab qo‘yilgan.
Hozirda O‘zbekistonda ishlab turgan 4 mingga yaqin “zapravka”larning 20 foizidagina hojatxona bor. Bu esa nafaqat fuqarolarga, balki sayyohlarga ham noqulaylik tug‘dirmoqda, chunki barcha rivojlangan mamlakatlarda “avtozapravka” nafaqat yonilg‘i olish, balki ovqatlanib, dam olish joyi hamdir.
Qarorda hojatxonalarning bo‘lishi majburiy talab qilib belgilangan bo‘lsa (hojatxonasiz AYoQSHning ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi, egasiga esa chora ko‘riladi), qolgan talablar faqat tavsiyaviy xarakterga ega.
Xususan, “zapravka” egalariga shoxobchani savdo nuqtalari, maishiy xizmat ko‘rsatish, tez ovqatlanish maskanlari, bepul Wi-Fi hududi bilan ta’minlash tavsiya qilingan. 2020-yilning 1-sentabriga qadar esa har bir viloyatida yuqorida sanalgan qulayliklarga ega kamida bitta namunaviy AYoQSH tashkil etiladi.
Izoh (0)