Buxoro shahri markazida, Ark majmuasi yonidagi xiyobonda kallaklanib, siyraklatilgan daraxtlar asta- sekin qurib bormoqda. Bu haqda “Daryo”ga jurnalist Nargis Qosimova ma’lum qildi.
Viloyat O‘zbekistonning issiq hududlaridan biri, bu yerda havo harorati yoz oylarida 60 darajaga yetadi. Shaharni jazirama issiqdan esa aynan daraxtlar asraydi. Qo‘l-oyog‘i olib tashlangan misol “butalgan” daraxtlarning ba’zilari yashab qolishga intilib, ozgina shox va barg chiqargan, qolganlari asta-sekin qurib bormoqda. Butun dunyoda iqlim o‘zgarishining oldini olish maqsadida daraxt ekilayotgan bir paytda nafaqat daraxtlarni kesish, balki ularni befarosatlarcha kallaklash orqali “o‘ldirmoqdamiz”.
“Osh va sumalak pishirish bo‘yicha rekord o‘rnatguncha, daraxt ekish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatsak bo‘lmaydimi? Xiyobondan o‘tar chog‘im ikki xorijiy sayyoh kallaklangan daraxtlarni suratga olayotganiga ko‘zim tushdi. Xayolimdan o‘tgan fikrlarni o‘qigandek, yonimdagi buxorolik hamrohim atigi 2-3 yil avval xiyobonda daraxtlarning soyasidan umuman oftob tushmasligi, yoz jaziramasida ham atrofda yashovchilar bolalari bilan shu yerga kelishganini so‘zlab berdi. Hozir esa xiyobon bo‘m-bo‘sh. Uni kesib o‘tayotgan odamlar ham tezroq binolar soyasiga o‘tishga oshiqadi.
Buxoro misolidagi daraxtlarni ‘butash’ga kelsak, viloyatlar obodonlashtirish boshqarmalariga agronom-bog‘bon va ekolog shtatini kiritish zarur. Kelasi yilga qolgan daraxtlar ham shu tarzda kallaklansa (‘butaladi’ deyishga til bormaydi), nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholi ham faqat quyosh botganda ko‘chaga sayrga chiqsa ajab emas”, — deydi Nargis Qosimova.
Izoh (0)