O‘zbekistonda o‘lim holatlarining o‘rtacha 78 foizi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar tufayli yuz bermoqda. Bu haqda “Daryo”ga Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mutaxassislar xavfli omillar profilaktikasi va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordamni tashkil qilish va ko‘rsatish tizimini yaxshilash, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga amal qilish orqali O‘zbekistonda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sababli barvaqt o‘lim topish holatlarining oldini olish mumkinligini ta’kidlamoqda.
Shundan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan muntazam ravishda sog‘lom turmush tarziga rioya etish borasidagi ommaviy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu bejiz emas. Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foiz, yurak kasalliklari ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan.
Oddiygina yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklar oldini olgan bo‘lamiz.
Odamlarni jismoniy faollikka chorlovchi ommaviy tadbirlarning navbatdagisi 13-iyul, shanba kuni mamlakat bo‘ylab tashkil etildi.
Jumladan, Olmazor tumanida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasi stadionida ham ommaviy gimnastika va 5 kilometr masofaga yurish mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Ularga qo‘shimcha ravishda tibbiyot xodimlari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla faollari va yoshlar bilan hamkorlikda “Salomatlik startlari”, “Salomatlik maydonchasi”, “Biz tamakisiz xudud uchun ovoz beramiz” tadbirlari hamda mahallalarda yoshlar bilan zararli odatlarning salbiy oqibatlari haqida suhbatlar uyushtirildi.
Izoh (0)