Ichki ishlar organlari xodimlari jangovar shayligini oshirish, favqulodda vaziyatlar yuz berganda to‘g‘ri xarakatlanish va kechiktirib bo‘lmaydigan qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini takomillashtirish maqsadida To‘raqo‘rg‘on va Uchqo‘rg‘on tumanlarida maxsus taktik mashqlar o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo”ga Namangan viloyat IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Dastlab IIO ma’muriy binosini xavfsizligini ta’minlash, qurolli hujum bo‘lganda qaytarish va noma’lum shaxslar kirib kelishining oldini olish bo‘yicha shaxsiy tarkib harakatlari o‘rganib chiqilib, ma’sul rahbarlar tomonidan ma’muriy binoni xavfsizligini ta’minlash yuzasidan qarorlar qabul qilish, kuch va vositalarni boshqarish, hamkorlikni ta’minlash, aniq topshiriqlar berishda guruh tarkibi ko‘nikmalarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
So‘ng qurollangan jinoyatchilarni qo‘lga olish va zararsizlantirish, garovga olingan fuqarolarni ozod etish bo‘yicha maxsus operatsiya o‘tkazildi. Tadbirlarni amalga oshirishda harakatlar taktikasi va mustahkamligi qayta o‘rganib chiqilib, guruh rahbarlari va shaxsiy tarkib jangovar joylarni egallashi hamda yuklatilgan vazifalarni bilishlari sinovdan o‘tkazildi.
Mashqlar davomida aniqlangan xato-kamchiliklar muhokama etilib, kelgusida ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi jangovar shayligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Izoh (0)