Odiljon Abdurazzoqov AQShning Kolorado universitetida biznes boshqaruvi ixtisosi bo‘yicha bakalavr va magistr darajasini olgan. Doktorlik ilmiy tadqiqotini Garvard universitetida olib borgan. So‘nggi besh yil davomida Germaniyaning Kyoln biznes universiteti, Gollandiyaning Mastrixt universiteti va Ozarbayjon diplomatiya akademiyasida ishlagan. Hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida faoliyat olib bormoqda.
Bugun dunyodagi deyarli barcha davlatlar yuqori texnologiyaga asoslangan startaplarni yaratish ishtiyoqida ekanligi sir emas. Buning asosiy sababi an’anaviy bizneslar 50-100 yilda erishgan natijalarga startaplar 5-10 yilda erishayotganida. Ba’zi davlatlarda yaratilgan startaplar global bozorda muvaffaqiyat qozongan bo‘lsada, ayrim davlatlarda startap ekotizimi to‘g‘ri shakllantirilmaganligi natijasida bu sohaga yo‘naltirilgan resurslar kutilgan natijani bermayapti.
Xo‘sh, O‘zbekistonda yaqin kelajakda milliard dollarga baholanadigan startaplar yaratish mumkinmi? Buning uchun qanday omillar muhim? Xalqaro tajriba va respublikadagi startaplarning bugungi vaziyati tahlili shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda muvaffaqiyatli startap ekotizimini yaratishning quyidagi 5 sharti mavjud.
Birinchi shart — “vitamin” emas, “og‘riqni qoldiruvchi” innovatsiyalar yaratish
O‘zbekistonda o‘z startapini boshlayotgan tadbirkorlar shuni bilishlari zarurki, har qanday innovatsiya ham bozorda muvaffaqiyatli bo‘la olmaydi. Innovatsion mahsulotning ikki turi mavjud — “vitamin” va “og‘riqni qoldiruvchi” innovatsiyalar. Bu ikki turdagi innovatsiyalarga bo‘lgan talab darajasini tushunish uchun og‘riq qoldiruvchi va vitaminga bo‘lgan talabga e’tibor berish kifoya.
Kuchli tish yoki bosh og‘rig‘i boshlanganda odamlar darhol og‘riq qoldiruvchi dori sotib oladi. Agar puli bo‘lmasa, boshqasidan qarz olib bo‘lsa ham og‘riqqa tezroq barham berishga harakat qiladi. Vitaminni esa foydali ekanligini hamma bilsa ham, kamdan-kam odam sotib oladi. Og‘riq qoldiruvchi mahsulotlarga talab doim yuqori, vitamin mahsulotlarga esa aksincha.
Demak, muvaffaqiyatli bo‘lish uchun bozorga taklif etilayotgan innovatsiya og‘riq qoldiruvchi bo‘lishi, ya’ni bozordagi jiddiy muammoni hal etishi zarur. Faqat yangi va o‘xshashi yo‘qligi uchungina bozorda muvaffaqiyat qozonishiga ishongan tadbirkorlar Segway xatosini yodga olishlari zarur.
O‘z vaqtida eng ajoyib innovatsion mahsulot hisoblangan Segway ko‘pchilikka yoqqan bo‘lsa ham, uni deyarli hech kim sotib olmadi. Chunki Segway bozorda biror jiddiy muammoni hal qilmasdi, ya’ni og‘riqni qoldiruvchi emas, vitamin kategoriyasidagi innovatsiya edi.
Taksi bozoriga kirib kelgan Uber kompaniyasi esa Nyu York, London kabi shaharlardagi taksi hizmati bilan bog‘liq og‘riqlar – taksi xizmatining o‘ta qimmatligi, taksichilarning qo‘polligi, taksini uzoq kutish, mashinalarning toza emasligi kabi muammolarni hal eta olgani uchun bugun dunyoning 800 ga yaqin shahrida taksi bozoriga kirib bordi.
Ikkinchi shart — bozor hajmining ahamiyati (“katta hovuzdagi kichik baliq” bo‘lib qolmaslik)
Yuqori texnologiyalarga asoslanganligi sababli startaplar bozori geografik cheklanmagan. Bugun dunyoda 3 milliardga yaqin inson internet tarmog‘iga ulangan va internet aloqasi bo‘lgan har bir inson startaplar uchun bozor bo‘lishi mumkin. Startaplarimiz bir kun kelib bir milliard dollarga baholanishi uchun ular o‘z bozorini O‘zbekiston bilan cheklamasligi — katta hovuzdagi kichik baliqqa aylanib qolmasligi zarur. Ular muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun yirik bozorlarga kirib borishi kerak.
O‘zbekiston startap ekotizimi tahlili shuni ko‘rsatadiki, faoliyatini boshlagan yoki rejalashtirayotgan startaplarning aksariyati O‘zbekiston bozoriga yo‘nalgan va qachondir kattaroq bozorga kirishni nazarda tutmaydi. Bu esa startaplarimizning kelajakda o‘sish imkoniyatini cheklaydi va global bozorda muvaffaqiyat qozonishga asosiy to‘siq hisoblanadi. O‘zbekistondagi startaplar uchun 33 million aholiga ega respublika juda kichik bozor hisoblanadi. Startaplarimiz kamida MDH, Sharqiy Yevropa va Turkiya bozorlariga yo‘nalgan bo‘lishi kerak.
Misol uchun, Singapur aholisi 6 milliondan kam bo‘lsada, Singapur startaplari Xitoy, Indoneziya, Malayziya bozorlariga, ya’ni jami aholisi 1,5 milliard bo‘lgan yirik bozorga yo‘nalganligi sababli qisqa vaqt ichida milliard dollarlik kapitalizatsiyaga erishishadi. Shuningdek, aholisi 9 milliondan kam bo‘lishiga qaramay Isroil startaplari AQSh va Yevropa bozorlariga yo‘nalgan va Isroil dunyodagi eng muvaffaqiyatli startap ekotizimlaridan biriga ega.
Uchinchi shart — innovatsiya markazlari, texnopark va akceleratorlar bino va jihozdan iborat bo‘lib qolmasligi
Bugun respublikada davlat sektori, biznes sektori va oliy ta’lim muassasalari negizida texnopark, innovatsiya markazlari va akseleratorlar faoliyat boshlamoqda. Startap ekotizimining muhim sharti hisoblangan bu “katalizatorlar” yuqori texnologiyaga asoslangan startaplarni bozorga tezroq chiqishiga yordam berish maqsadida tashkil etiladi. Bu kabi markazlarning asosiy vazifasi startaplarga bino, jihoz, Wi-Fi kabi infratuzilma dastagi berish bilan bir qatorda ularga mentorlar, ya’ni maslahatchilar hamda startaplarni investorlar bilan aloqa o‘rnatish imkonlari bilan ta’minlash ekanligini unutmaslik kerak.
Misol uchun, dunyoning eng muvaffaqiyatli akseleratorlaridan biri hisoblangan Y-Combinator startaplarga joy bermaydi. Y-Combinator’ga qabul qilingan startaplar akselerator asoschisi Paul Graxamdan haftada bir marta bepul maslahat oladi. Uch oy davom etadigan akseleratsiya yakunida startaplar 300ga yaqin investorlar (angel, venchur kapital firmalari) oldida o‘z startaplarini prezentatsiya qiladi va investitsiya qo‘lga kiritgan startaplar investorlar dastagida bozorga kirib boradi. Y-Combinator akseleratorida “tug‘ilgan” va 10 yil ichida milliard dollarlik kompaniyaga aylangan startaplar qatoridan bugungi qiymati 31 milliard dollarlik Airbnb kompaniyasi, 10 milliard dollarlik Dropbox, 9,2 milliard Stripe singari 10 dan ortiq startap joy oladi.
Demak, O‘zbekistonda milliard dollarlik startaplar yaratishning zarur sharti innovatsiya markazi/akselerator/kovorking markazi/texnoparklar qurish emas, startaplarni qo‘lidan tutuvchi va dunyo bozorida o‘z o‘rnini topishda ko‘maklashuvchi mentor/yo‘l boshlovchilarning bo‘lishida. Y-Combinator asoschisi Paul Graxam o‘z tajribasi va investorlar bilan yaqin munosabati orqali o‘ndan ortiq startapni milliard dollarlik kompaniyaga aylantirishga hissa qo‘shgani buning isbotidir.
To‘rtinchi shart —startaplar “o‘lim vodiysi”dan sog‘ chiqishiga ko‘maklashish
Restoran, savdo do‘koni kabi an’anaviy bizneslar faoliyatining dastlabki kunidanoq daromad olishni boshlashsa, startaplar o‘z faoliyatining dastlabki oylarida yangi mahsulotni yaratish uchun faqat xarajat qiladi. Ba’zan bu jarayon bir necha yilga cho‘zilishi mumkin. Daromadsiz ishlanayotgan bu davrda startap faoliyatini moliyalashtirish uchun mablag‘ lozim bo‘ladi. Dunyodagi startaplarning aksariyati shu bosqichdayoq o‘z faoliyatini yakunlashga majbur bo‘lgani uchun bu bosqich o‘lim vodiysi (valley of death) deyiladi.
Startaplar o‘z mahsulotini sotishni boshlagandagina daromad olishni boshlaydi. Ungacha startaplarga zarur bo‘lgan mablag‘larni grantlar hisobiga yoki kraudfanding, angel investorlar vositasida ta’minlash zarur bo‘ladi. Xo‘sh, angel investor kim?
Angel (angel investor) o‘z shaxsiy mablag‘ini startapga ulush evaziga kiritish bilan shug‘ullanuvchi kishi bo‘lib, odatda ma’lum sohada katta tajribaga va boylikka erishgan katta yoshdagi inson bo‘ladi. Biznes sohasidaga faoliyatini to‘xtatgach, bozorga yangi kirib kelayotgan startaplarga ham mablag‘i, ham tajribasi bilan yordam berganligi uchun ularni angel (farishta) investor deb ataladi.
Odatda angellar tahminan 10-20 foiz ulush evaziga 50-500 ming dollar atrofida investitsiya kiritadi. Agar startap muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, angel o‘z ulushini yo‘qotadi va uni qaytarishni talab qilmaydi. Agar startapning bozor qiymati oshsa, angelning ulushi ham proporsional ravishda ortib boradi. Mashhur angel investor Endi Bextolsheym 1998-yilda Google kopaniyasiga ulush evaziga 100 ming dollar investitsiya kiritgandi. Oradan 20 yil o‘tib kompaniyaning bozor qiymati (kapitalizatsiyasi) 758 milliard dollarga tengligini hisobga olsak, Bextolsheymning investitsiyasi qanchalik o‘sganini tasavvur qilish mumkin.
Angel investordan farqli ravishda kraudfanding (crowdfunding) usuli orqali yuzlab yoki minglab inson startapga kichik summadagi mablag‘ kiritadi. Misol uchun, startapga 100 ming dollar mablag‘ zarur bo‘lsa, ming kishi 100 dollardan yig‘ib investitsiya kiritishi mumkin. Kickstarter, Indiegogo kabi kraudfanding platformalari dunyo bo‘ylab minglab startaplarga investitsiya yig‘ilishiga ko‘maklashadi. Kraudfanding usulida investorlar ulush evaziga yoki xayriya sifatida startaplarni moliyalashtirishi mumkin. O‘zbekistonda angel investorlik yoki kraudfanding faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish orqali startaplarimizni o‘lim vodiysidan omon chiqishlariga va dunyo bozoriga chiqishlariga erishish mumkin bo‘ladi.
Beshinchi shart — “talantlar to‘plami”ni kengaytirish
Startap ekotizimining eng muhim omili — “talantlar to‘plami” hisoblanadi. Talantlar to‘plami yuqori texnologiyaga asoslangan startaplarni yaratadigan va ularni dunyo bozoriga olib chiqa oladigan kadrlar yig‘indisidan tashkil topadi. Ba’zi davlatlar talantlar to‘plamini kengaytirish maqsadida STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishi bo‘yicha kuchli kadrlarni tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘ygan. Chili esa yuqori texnologiyaga asoslangan startaplarni yarata oladigan talantlarni xorijdan jalb etish maqsadida immigratsiya tizimini qayta ko‘rib chiqqan.
Finlandiyaning Yuvaskula universiteti esa tadbirkorlikni o‘qitishning mutlaqo yangi usulini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, talabalar mentor tadbirkorlar yordamida birinchi kursdanoq o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yadi va 4 yil mobaynida bu faoliyatni rivojlantirish ustida ishlashadi. Janubiy Koreya va Isroilda esa nafaqat talabalar, balki aholining barcha qatlamlari, jumladan, maktab o‘quvchilari, harbiy xizmatchilar va xatto mahbuslarga innovatsion tadbirkorlik bo‘yicha ko‘nikmalar berish bo‘yicha loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston universitetlarida “Innovatsiya va kreativlik”, “Tadbirkorlik moliyasi”, “Startaplarni boshqarish” kabi fanlarni o‘quv dasturiga kiritish orqali bo‘lajak startapchilarga innovatsion mahsulotlarni yaratish va dunyo bozoriga muvaffaqiyatli olib chiqish, angel va venchur kapital firmalar bilan investitsiya shartlarini kelishish kabi muhim ko‘nikmalarni berish zarur.
Koreya va Isroil tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, universitet talabalariga qo‘shimcha maktab o‘quvchilari, harbiy xizmat o‘tayotgan yoshlar va aholining barcha qatlamlari orasida innovatsion fikrlovchi, tavakkaldan qo‘rqmaydigan tadbirkorlar sinfini yaratish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki talantlar to‘plami qancha katta bo‘lsa, O‘zbekistonda milliard dollarlik startaplar yaratilish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)