Tailand qiroli Maxa Vatchiralongkon bosh vazir lavozimini egallamoqchi bo‘layotgan singlisi Ubola Ratanaga qarshi fikr bildirdi, deb xabar berdi Meduza.
Qirolning bayonotiga ko‘ra, qirollik oilasi yuqori martabali vakillarining siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishi milliy an’analar, urf-odatlar va madaniyatga zid. Shu sababli bu qirollik oilasiga yarashmaydigan bir holatdir.
Shuningdek, qirol Vatchiralongkon mamlakat konstitutsiyasi ham qirollik oilasi vakillaridan betaraflikni saqlab qolishni talab qilishini eslatib o‘tgan.
Ubola Ratana esa qirollik maqomidan voz kechganini va fuqarolik huquqidan foydalanib, saylovda qatnashmoqchi ekanini aytgan. Uning nomzodi “Txay Raksa Chaat” partiyasi tomonidan ilgari surilmoqda. Ushbu partiya 2014-yili hokimiyatdan chetlatilgan sobiq hukmron partiya — “Pxia Txai” hamda mamlakatning quvg‘indagi sobiq bosh vaziri Taksin Chinavat bilan aloqador deb taxmin qilinadi.
Tailanddagi saylovlar 2019-yil 24-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)