Ijtimoiy tarmoqlar hamda Telegram-kanallarda avtobus bekatlarida yo‘l qoidalari buzilayotganini tasvirga olayotgan ayol kishiga nisbatan ayrim haydovchilarning qo‘pol muomalalari aks ettirilgan videolar tarqalgandi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Ham qoida buzib, ham haqorat qilgan shaxslar o‘z jazosini oldi. Bularni o‘z vaqtida tegishli huquq-tartibot organlariga yuborgan Munavvar O‘zbekovaga esa yaqinda Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan “Tashakkurnoma” qatori yo‘l posboni ruxsatnomasi berildi.
— Yo‘l qoidalari buzilishi bo‘yicha jo‘natilgan videotasvirlarning asosiy qismi avtobus bekatlari va jamoat transporti bilan bog‘liq, — deydi M.O‘zbekova. — Jamoat transporti haydovchilari erta tongdan tungacha ishlasa, yo‘llarda har xil vaziyatlarga tushsa-yu, bekatlar, avtostansiyalarda ularning yo‘llarini to‘sib qo‘yishsa, bu juda achinarlidir. Shuning uchun bugun menga ushbu ruxsatnomani berishdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hukumatining yo‘l xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga binoan jamoatchilik asosida ko‘maklashuvchi yo‘l posbonlari tizimi joriy etilgan.
Izoh (0)