2019-yil 8-fevral kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Muhokamada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Advokatlar palatasi vakillari, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat huquqiy tashkilotining (Sloveniya) xalqaro ekspertlari hamda advokatlar ishtirok etdi.
Davra suhbati mamlakatda advokatlarning maqomi va protsessual vakolatlarini kengaytirish, ularning daxlsizligini ishonchli ta’minlash borasida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarni hamda sohaning kelgusi vazifalari va istiqbollarini konstruktiv muhokama qilish uchun tashkil etildi.
Advokatlar o‘rtasida o‘tkazilgan anonim so‘rovnoma natijalari asosida bayon etilgan ma’lumotlar qonunni qo‘llash amaliyotida mavjud vaziyatni tanqidiy baholash uchun jiddiy signal hisoblanishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura vakillari tomonidan advokatlarning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilinishi va tazyiq o‘tkazilishi holatlari sodir etilganda, bu haqida xabar berish uchun ochiq va shaffof murojaat mexanizmi yaratilganligi, advokatlarning bunday mazmundagi har bir murojaati shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nazoratida individual va shaffof tartibda ko‘rib chiqilib, qonuniy baho berilishi qat’iy ta’minlanishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, davra suhbati davomida Jinoyat va Jinoyat-protsessual qonunchiligi istiqbollari ham muhokama qilindi. Shu munosabat bilan, yangi tahrirda tayyorlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi doirasida advokatlarning protsessual maqomini yanada mustahkamlash bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha tomonlar sud, prokuratura organlari va advokatlar o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlik va bu sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning ta’sirchanligini ta’minlash hamda advokatlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish uchun kerakli sharoitlarni yaratish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)