Qashqadaryo viloyatidagi Abdulla Oripov nomli ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Alisher Navoiy hayoti va ijodi” mavzusida buyuk siymo tavalludining 578 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan noan’anaviy darsda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev ham ishtirok etdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Bekzod Mamatqulov ma’lum qilmoqda.
Viloyat hokimi o‘quvchilarga dastlab O‘zbekistonda olib borilayotgan o‘zgarishlar, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida gapirib berdi.
Shuningdek, darsda jahon tan olgan buyuk siymolar, ularning bosib o‘tgan yo‘llari, qoldirgan boy merosi xususida so‘z bordi. Viloyat hokimining Alisher Navoiy, Abdulla Oripov hayoti va ijodiy faoliyati borasidagi fikr-mulohazalari o‘quvchilar uchun ayniqsa, qiziqarli bo‘ldi.
“Viloyat hokimi bilan uchrashuv, shaxsan hokimning o‘zi darsga kirib, bolalar bilan suhbatlashgani o‘quvchilarimiz uchun har jihatdan vatanparvarlikka, hayotga teran ko‘z bilan boqib, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga undaydigan muhim dars bo‘ldi”, — deydi ona tili va dabiyoti fani o‘qituvchisi Nafosat Azizova.
Dars so‘ngida maktabning iqtidorli, o‘tgan yillar davomida ma’lum yutuqlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilari viloyat hokimining sovg‘asi — kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.
Izoh (0)