Tadqiqotchilar yirtqich hayvonlar hayotini kuzatish va turli vaziyatlarni suratga olish maqsadida dronlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda, deb yozadi TravelAsk.
Yangi texnologiya yordamida Gavayidagi olimlardan biri sensatsion va qimmatli videolavha olishga erishdi. Gavayi universiteti dengiz hayvonlarini tadqiq etish dasturi rahbari Lars Beyder dronlar yordamida bukri kitlarni suratga olayotgan vaqtda mahalliy turoperator suvda noodatiy narsaga ko‘zi tushib, Beyderdan uni suratga olishni so‘raydi.
“Biz faqat toza suvni va unda nimadir kuchli to‘lqinlanayotganini ko‘rdik, biroq uning nima ekanini bila olmadik. Birdan suvda ko‘p miqdorda qon paydo bo‘lib bizni o‘sha joyga yaqinlashishga majbur qildi. Shunda yangi tug‘ilgan kit bolasiga ko‘zimiz tushdi”, — deydi tadqiqotchi.
Dron yordamida u kit bolasi hayotining dastlabki damlarini videotasvirga tushirishga muvaffaq bo‘lgan.
Olimlar ona kitning tanasidan hali ham chiqayotgan qon va yangi tug‘ilgan kitning orqa va dum suzgichlari o‘ziga xos qayishqoqligiga asoslanib, kit ular kelishidan atigi 20 daqiqa avval tug‘ilgan deb taxmin qilmoqda.
Izoh (0)