O‘zA Navoiy viloyatidagi diqqatga sazovor maskanlardan biri — “Deggaron” majmuasidan fotoreportaj tayyorladi.
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi qadimiy yodgorliklardan biri “Deggaron” majmuasi bo‘lib, u tuman markazidan 30 kilometr g‘arbda, Hazora qishlog‘ida joylashgan.
Tashqi ko‘rinishi mahobatli bo‘lmasa-da, qurilish uslubi noyob majmua arxeolog olimlar fikricha, zardushtiylar davri me’morchiligi uslubida barpo etilgan. Rus arxeologi V.Shishkin masjid maxsus tayyorlangan pishiq g‘ishtdan taxminan VIII-IX asrlarda qurilgani haqida aytgan. Boshqa arxeologlar esa yodgorlik XI asrga oid, deb hisoblaydi.
Majmua devorlarining qalinligi 1 metr bo‘lgan 15 paxsadan iborat. Diametri 1,28 metr keladigan 4 ta pishiq g‘ishtli ustunda 12 burchakli bezak hosil qiladigan ravoqlar ustida qurilgan. Tepa qismi 9 ta gumbaz bilan qoplangan.
Masjid yonida chuqurligi 23 metr bo‘lgan quduq bor. Uning suvi mahalliy aholi orasida shifobaxshligi bilan qadrlanadi.
Majmua tarkibida o‘z davrining taniqli tasavvuf peshvosi Mavlono Orif Deggaroniy (taxminan 1313—1375-yillar)ning qabri joylashgan. Hozirda mazkur sag‘ana ta’mirlanib, ziyoratgohga aylantirilgan.
Bu yerga nafaqat O‘zbekistonning turli hududlaridan, balki xorijiy sayyohlar ham ko‘p keladi.
Izoh (0)