AQSh Kongressi Vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi prezident Donald Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlari yuzasidan eshituvlar o‘tkazish niyatini ma’lum qildi. Qo‘mitaning rasmiy saytida tegishli bayonot e’lon qilingan, deya xabar beradi “TASS”.
“Tramp har gal Putin bilan uchrashganda mamlakatga buning tafsilotlari haqida hech narsa oshkor etilmaydi. Qo‘shma Shtatlar aholisi haqiqatni bilishga loyiq va tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita bunga oydinlik kiritishga bel bog‘lagan. Biz Trampning Putin va safdoshlari bilan o‘zaro munosabatlari ko‘rib chiqiladigan eshituvlar tashkillaymiz hamda ularda bu yaqin aloqalar milliy xavfsizligimizga nechog‘li ta’sir qilishini o‘rganamiz”, — deydi qo‘mita raisi Eliot Engel.
The Washington Post nashri oldinroq Tramp ma’muriyati a’zolaridan Gamburgda 2017-yil yozida o‘tkazilgan Putin bilan ilk muzokaralar tafsilotini yashirgani, unda ishtirok etgan tarjimonning qoralamalarini yig‘ishtirib olib, bu haqda hech kimga churq etmaslikni buyurganini bildirgandi.
Izoh (0)