O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan sug‘oriladigan maydonlarning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish “yerga nisbatan xiyonat” deb baholanib, yer ijara shartnomasi bekor qilinishigacha choralar ko‘riladi. Bu Vazirlar Mahkamasining “Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatda 2019-yil hosili uchun yetishtiriladigan 3-sinfli yumshoq bug‘doyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining o‘rtacha narxi 1 200 000 so‘m miqdorida belgilandi.
2019-yil hosilidan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan sug‘oriladigan maydonlarda yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don xarid narxiga 25 foizgacha ustama yoki chegirma qo‘llaniladi.
Bunda, boshoqli don hosildorligi har gektaridan:
41 sentnerdan 50 sentnergacha bo‘lganida 10 foiz;
51 sentnerdan 60 sentnergacha bo‘lganida 20 foiz;
61 sentner va undan yuqori bo‘lganida 25 foiz xarid narxiga ustama;
Aksincha:
30 sentner va undan kam bo‘lganida 25 foiz;
31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida 15 foiz xarid narxiga chegirma bilan davlat xaridi uchun qabul qilingan donning umumiy hajmi hisob-kitob qilinadi.
Izoh (0)