Nukusda 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ta’lim sohasini rivojlantirishdagi katta xizmatlari uchun bir guruh ustoz va murabbiylar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Tadbirda soha vakillariga ular tantanali ravishda topshirildi.
— Ta’lim tizimida katta o‘zgarish va yangiliklar yuz bermoqda, –deydi Qoraqalpog‘iston xalq ta’limi vaziri A.Ayapov. – Investitsiya dasturi doirasida hududda 22 ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari bo‘yicha 32 ta’lim muassasasida rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Yangi o‘quv yili oliy ta’lim muassasalari uchun ham muvaffaqiyatli boshlandi. Qoraqalpoq davlat universitetidan ikki talaba Prezident stipendiyasiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Nukus davlat pedagogika instituti professori O.Aleuov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi.
Tadbirda taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Izoh (0)