Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish tartibi to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deya xabar bermoqda vazirlikning “Huquqiy axborot” Telegram-kanali.
Nizomga muvofiq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan diniy tashkilotlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishidan avval rozilik xati beriladi. Bunda dinga e’tiqod qilish, ibodat, rasm-rusumlar va marosimlarni birgalikda ado etish maqsadida tuzgan ko‘ngilli birlashmalari (diniy jamiyatlar, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar), shuningdek diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari va diniy ta’lim muassasalari diniy tashkilotlar deb e’tirof etiladi.
Quyidagi hollarda diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish rad etiladi:
- diniy tashkilotning ta’sis hujjatlari konstitutsiyaviy tuzumini zo‘rlik bilan o‘zgartirish, mustaqilligi, yaxlitligi va xavfsizligini buzish, konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini kamsitish, urush, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etish, fuqarolarning sog‘lig‘i, ma’naviyati va axloqiga qasd qilish maqsadiga ega bo‘lsa;
- diniy tashkilot ustavi qoidalari va boshqa hujjatlari “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonuniga zid bo‘lsa;
- diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun rozilik berish uchun hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda yoki ular zarur tartibda rasmiylashtirilmaganda.
Izoh (0)