Joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy muhitni o‘rganish, aniqlangan muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida Hisob palatasi raisi Muzraf Ikromov boshchiligidagi ishchi guruh 10 kun davomida Surxondaryo viloyatining Angor tumanida bo‘ldi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Ishchi guruh a’zolari tumandagi qator ijtimoiy soha obyektlari hamda 36 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 21 ming 391 ta (98,5 foiz) xonadonda bo‘lib, ularning muammolarini o‘rgandi.
Uyma-uy yurib o‘rganishlar natijasida turli masalalarga oid 7085 ta murojaat qabul qilindi. Ular asosan turar joy, gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv ta’minoti kabi kommunal tarmoq muammolari hamda yo‘l xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim sifati va bandlik kabi masalalarga oid bo‘lib, aksariyati joyida hal etildi.
Jumladan, 300 dona maishiy gaz ballonlari aholiga yetkazildi. 4 dona yangi transformator va 40 dona temir-beton tayanch o‘rnatildi. 4 ta ichimlik suv qudug‘i va minorasi ishga tushirilib, 150 metr suv quvuri tortildi. Natijada 467 xonadon toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Ishchi guruhi tomonidan aniqlangan kamchilik va muammolarni qisqa fursatda bartaraf etishga doir chora-tadbirlar ishlab chiqilib, uning ijrosi yuzasidan mutasaddilarga vazifalar yuklandi.
Bunga qadar mazkur ishchi guruhi tomonidan viloyatning Sho‘rchi, Qiziriq va Sherobod tumanlarida ham ana shunday o‘rganishlar o‘tkazilgan edi.
Izoh (0)