Amerika Qo‘shma Shtatlarining OpenAI sun’iy intellekt kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab katta mashhurlikka erishgan ChatGPT’ning 5-modelini foydalanuvchilarga taqdim etish arafasida turibdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Manbaning yozishicha, GPT-5 ikki nafar foydalanuvchi bilan test qilib ko‘rilgan. Ular model avvalgilaridan farqli ravishda fan, kod yozish va matematik masalalarni yechishda yaxshi o‘sishga erishganini aytgan. Biroq GPT-5 GPT-4 dan keskin farq qilmaydi.

GPT-4 modeli hisoblash quvvatining oshirilishi evaziga GPT-3 ga nisbatan ancha kuchliroq edi. Kompaniya esa hisoblash masshtabini kengaytirish orqali doimiy rivojlanish sodir bo‘lishiga umid qilgan.
Biroq hozirda 300 milliard dollarga baholanayotgan va Microsoft tomonidan jiddiy qo‘llab-quvvatlanayotgan OpenAI masshtab borasida muammolarga uchramoqda. Ya’ni OpenAI ma’lumotlarning cheklanishiga duch keldi.
OpenAI’ning sobiq bosh olimi Ilya Sutskever aytishicha, hisoblash quvvati ortib borayotgan bo‘lsa-da, ma’lumotlar miqdori ko‘paymayapti.
Olimning gapidan shuni anglash mumkin: sun’iy intellektga butun internet olamidagi ulkan ma’lumotlar bazasi o‘qitiladi. Biroq sun’iy intellekt laboratoriyalarida inson tomonidan yaratilgan matnli ma’lumotlarning yirik manbasi tugagan va shuning uchun GPT-5 ning quvvatini sezilarli darajada oshirib bo‘lmaydi.
Qayd etilishicha, ma’lumot yetishmovchiligidan tashqari yana bir katta muammo mavjud. Yirik sun’iy intellekt modellarini o‘qitishda texnik nosozlik ehtimoli ham yuqori bo‘ladi. Modelning samaradorligini o‘qitish yakunlanganidan bir necha oy o‘tgandan keyin aniqlash mumkin. Shuning uchun OpenAI sinovlar vaqtida birato‘la modellarni hisoblash quvvatini oshirishga yordam beradigan (test-time compute) loyihaga sarmoya kiritmoqchi. Bu esa mantiqiy fikrlashni talab qiladigan masalalarda ko‘proq aniqlikka erishish imkoniyatini beradi.
OpenAI GPT-5 modelining qachon chiqarilishini aniq e’lon qilmagan. Biroq bu istalgan kuni sodir bo‘lishi mumkin. OpenAI’ning amaliy tadqiqotlar bo‘yicha rahbari Boris Power 4-avgust kuni X (Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida: “GPT-5 ni jamoatchilik qanday kutib olishini intiqlik bilan kutyapman”, deb yozdi.
OpenAI 2022-yilda dunyoni ChatGPT sun’iy intellekti bilan tanishtirdi. Bu model insondek matn va she’r yozish qobiliyati bilan foydalanuvchilarni hayratga soldi va tarixdagi eng tez o‘sayotgan ilovalardan biriga aylandi. ChatGPT deyarli barcha sun’iy idrok texnologiyalari uchun o‘lchovga aylandi. Google, Amazon va Meta kabi yirik kompaniyalar GPT ga raqobat qiladigan sun’iy intellekt yaratish uchun milliardlab dollar mablag‘ sarflamoqda.
Izoh (0)