Namangan viloyati Davlatobod tumanida ijarada yashagan uyini qimorxonaga aylantirgan fuqaro qo‘lga tushdi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.
Bildirilishicha, 1987-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan fuqaro Davlatobod tumanidagi vaqtincha ijarada yashagan uyini qonunchilikka zid ravishda qimorxonaga aylantirgan. U 2024-yil 5-iyul kuni 5 nafar tanishini uyga taklif qilgan.

Ushbu shaxs “tashkilotchiligi” evaziga har bir odamdan 10 ming so‘mdan pul undirgan. Tezkor tadbir davomida umumiy 2 million so‘m, 100 AQSH dollari va o‘yin kartalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tartibida ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining ushbu moddasiga asosan ayblangan shaxslar 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Izoh (0)