O‘zbekistonda qurg‘oqchilik avj olgani insonlar hayoti va qator sohalar rivojiga jiddiy xavf solmoqda. Bu haqda Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan BMT anjumanida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov maʼlum qilgan.

Ekologiya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Aziz Abduhakimov o‘z nutqida so‘nggi 50 yilda O‘zbekistonda o‘rtacha yillik harorat 1,2 darajaga oshganini aytgan. Mazkur davrda qurg‘oqchil kunlar soni 20 foizga ko‘payganini taʼkidlagan.
“2023-yilda mamlakat hududining deyarli 40 foizi kuchli qurg‘oqchilikka duchor bo‘lib, bu holat yalpi ichki mahsulot tarkibida 17 foiz ulushga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasiga jiddiy salbiy taʼsir ko‘rsatgan. Yaqqol ekologik inqiroz namunasi sifatida Orol dengizining qisqarishi taxminan bir million kishining salomatligiga xavf solmoqda va ularning hayot manbalari yo‘qolishiga olib kelmoqda”, deya taʼkidlagan vazir.
Qayd etishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida mamlakatda iqlim o‘zgarishiga moslashish, tabiiy ofatlarni oldindan aniqlash va ekotizimlarni tiklash choralari ko‘rilmoqda.
-Tngrncx2.avif)
“Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari uchun moslashuv rejalari ishlab chiqilgan, issiqxona gazlari tashlanmalarini cheklash to‘g‘risida qonun qabul qilingan, uglerod chiqindilarini tartibga solish mexanizmlari joriy etilmoqda hamda Milliy iqlim o‘zgarishi strategiyasi tasdiqlangan”, deyiladi manbada.
Xabarga ko‘ra, vazirning chiqishi xalqaro hamkorlar tomonidan qiziqish va qo‘llab-quvvatlash bilan kutib olingan. Kuchayib borayotgan iqlim muammolari sharoitida barqarorlik masalalari bo‘yicha umumiy muhokamalarga katta hissa qo‘shgan.
Maʼlumot uchun, Orol katta qismi O‘zbekiston hududidagi ulkan ko‘l edi. 1960-yillarda suvdan noto‘g‘ri foydalanish avj olgani sabab bugun uning 90 foizi qurib bitgan. Mutaxassislar Orolni avvalgi holiga qaytarish imkon ekanini aytib keladi. Aytishlaricha, Amudaryo Orolga 20 yil to‘liqligicha qurilsa ham ko‘l oldingi holiga qaytmaydi.
Izoh (0)