Mudofaa vazirligi markaziy apparatida IV Xalqaro armiya o‘yinlari sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar bu yil o‘z natijalarini sezilarli darajada ko‘tarib, umumjamoa hisobida 6 o‘rinni egalladi. Ta’kidlash kerakki, “ArMI—2018” musobaqasi 28 yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan bo‘lib, unda dunyoning 32 mamlakatidan kelgan harbiylar ishtirok etdi. Shu bois ham mazkur musobaqani “harbiy professionallar bellashuvi” deb atashdi.
Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari bu safar 12 yo‘nalishda qatnashib, 6 ta sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonlik harbiylar “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari”, “Merganlik marrasi” va Sodiq do‘st” kabi yo‘nalishlarda rekord natijalarni qayd etdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov ham ishtirok etib, sovrindorlarni qo‘lga kiritilgan natijalar bilan qutladi va ularga esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlarini topshirdi. Tadbirning rasmiy marosimi yakunlangach, Xalqaro armiya o‘yinlari ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni yozilib, ular sharafiga dilnavoz kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Izoh (0)