Nukus davlat pedagogika institutining yangi binosi 2000 o‘rinlik o‘quv binosi, rektorat, axborot-resurs markazi va har biri 180 o‘rindan iborat jami 720 o‘rinlik 4 katta auditoriyadan iborat bo‘ladi. Bu haqda “Karinform.uz” xabar bermoqda.
Institut yangi binosining qurilish ishlariga 53,6 milliard so‘m ajratilgan.
Bugungi kunda 720 o‘rinlik auditoriyalarning qurilish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, institut bosh binosi 7 qavatdan iborat bo‘lib, 1-4 qavatlari o‘quv binosi va 5-7 qavatlari rektorat va axborot-resurs markazi bo‘lishi rejalashtirilgan.
Nukus davlat pedagogika institutining yangi binosi qurilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida davlat dasturiga kiritilgan edi.
Institut o‘quv binolari Nukus shahrining to‘rt tomonida, bir-biridan 7-10 kilometr masofada joylashganligi tufayli ularni bir joyga to‘plash maqsadida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Nukus agroiqtisodiyot kolleji, Nukus melioratsiya va suv xo‘jaligi kolleji hamda Nukus pedagogika kolleji o‘quvchilar turar joyi tegishli hududlari bilan institut balansiga bepul o‘tkazib berilgan edi.
Institutning yangi binosi shu hududda bunyod etilmoqda. Qurilish ishlari 2019-yil oxirida yakunlanishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)