Koreya axborot jamiyatini rivojlantirish instituti (KISDI), Koreya kichik biznes instituti (KOSBI) va Global tadbirkorlik fondi (GEF) mutaxassislaridan iborat delegatsiya Toshkentga keldi. Bu haqda Mirzo Ulugbek Innovation Center xabar bermoqda. Tashrifdan maqsad – O‘zbekistonda startaplar ekotizimini va dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish.
Dasturdan Koreya Respublikasi elchixonasida, O‘zR Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida, MUIC innovatsiya markazida uchrashuvlar o‘rin olgan.
Shuningdek, koreyalik ekspertlar “O‘zbekistonda AKT-startaplar va dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirish siyosati” mavzuida amaliy seminar o‘tkazadi. U Inha universitetida 24-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar orasida – AKT vazirligi, Mirzo Ulugbek Innovation Center, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, “UZINFOCOM” yagona integratori, “UNICON.UZ” markazi, Inha va TATU universitetlari vakillari mavjud.
Seminarda taklif etilgan mutaxassislar Koreya Respublikasining startaplar ekotizimi rivojlanishidagi tajribasi va ushbu jarayonni O‘zbekistonda imkoni boricha samarali tashkil etish borasida o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashadi.
Qayd etish joizki, bu KISDI ekspertlarining O‘zbekistonga birinchi tashrifi emas. Joriy yil boshida delegatsiya ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurib, IT sohasidagi davlat siyosati, yaratilgan shart-sharoitlar va infratuzilma bilan tanishgandi. Shundan keyin AKT vazirligi va MUIC xodimlari Koreya Respublikasida javob tashrifi bilan bo‘ldi. Ular Seuldagi KISDI kompaniyasi ofisiga tashrif buyurdi, shuningdek eng muvaffaqiyatli startap-kompaniyalarga bordi. Bu galgi tashrif davomida o‘tadigan uchrashuvlardan biri o‘sha safar taassurotlarini muhokama qilishga bag‘ishlanadi. Tomonlar IT-soha holatidagi sifat o‘zgarishlari, startaplar ekotizimlarini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha takliflar bilan almashadi, shuningdek bu yo‘nalishda ishlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kirishadi.
Izoh (0)