Havo harorati yuqori darajani ko‘rsatayotgan shu kunlarda “Obod mahalla” dasturiga kirgan Yangiyo‘l tumanining A. Ortiqov nomidagi qishloq fuqarolar yig‘inining Chortoq mahallasida suv muammosi avjiga chiqmoqda. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Mahalla hududida aholiga suv yetkazib berish uchun o‘rnatilgan suv chiqarish nasosi Yangiyo‘l tumani DUK “Suvsoz” balansida bo‘lib, namunaviy uy-joylarga aholi ko‘chib kelganidan buyon har yili mazkur nasos 3-4 marta kuyishi natijasida ishdan chiqib turarkan.
Endilikda mahalla ahli uyiga kichik nasos o‘rnatgan kishining hovlisida navbatda turib o‘z idishlariga suv olishga majbur bo‘lishmoqda.
“Ko‘chib kelganimizga to‘rt yil bo‘ldi. Chortoq mahallasining 29-xonadonida yashayman. To‘rt yildan beri suv tanqisligi, chiroq o‘chib turishi hamda qish faslida gaz muammosi bizni qiynab kelmoqda. Ikki hafta suv bo‘lsa, bir oy bo‘lmaydi. Ichayotgan suvimiz ham ichishga yaroqli emas”, — deydi Ra’no Begaliyeva.
Abubakr Mo‘minov esa chiqindilar muammosi hal bo‘lmayotganini aytsa, boshqasi yaqin atrofda na maktab, na bog‘cha, na poliklinika borligidan shikoyat qiladi. Ammo ularning mahalliy hokimlik vakillari yo‘liga ko‘z tutishlari ham besamar ketmas, hademay ularning qorasi ko‘rinib qolsa, hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga umid odamlarga dalda berib turibdi.
Izoh (0)