O‘zbekiston Prezidentining 2-apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga adib nomini berish belgilangan edi. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o‘ttiz sakkizinchi sessiyasida ushbu masala atroflicha ko‘rilib, Yunusobod tumanidagi Bodomzor yo‘li ko‘chasiga Chingiz Aytmatov nomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deb yozadi O‘zA.
Chingiz Aytmatov nafaqat qirg‘iz eli, balki butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo, chin do‘st ham edi.
Aytmatovning “Tog‘ va cho‘l qissalari” turkumiga kirgan asarlari yuksak baholandi. Aytmatovning “Oq kema” (1970) qissasida insoniy go‘zallik, ezgulik va hayot ziddiyatlari, ekologiya muammolari teran tadqiq etiladi.
“Sohil bo‘ylab chopayotgan olapar” (1977) qissasida muhim ma’naviy masalalar, sho‘ro davridagi hayotning mash’um manzaralari o‘z ifodasini topgan. “Asrga tatigulik kun” (1980), “Qiyomat” (1986), “Kassandra tamg‘asi” (1990) romanlarida zamonaning umuminsoniy manzaralari, ona-sayyoraning taqdiri, kuchli falsafiy, axloqiy va ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan.
Ch. Aytmatovning qariyb barcha asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan. Chingiz Aytmatov O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” (1995), “Buyuk xizmatlari uchun” (1998) ordenlari bilan mukofotlangan.
Izoh (0)