Yoshlar ittifoqi jamoasi “Iftixor” futbol klubi direktori Ahror Ergashev va jamoa katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyev tajovuzkor harakatlari uchun futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyat olib borishdan butun umrga chetlatildi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kecha, 31-may sanasida internet nashrlarida “Iftixor” klubi mutasaddilari tomonidan jamoaning ikki himoyachisi Tursunboy Husanov hamda Hasanboy Ergashevlarni ayovsiz kaltaklangani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Qayd etilishicha, bu borada Ahror Ergashev hamda klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyevning tajovuzkor xatti-harakatlari asosida surishtiruv ishlari boshlangan hamda ushbu holat yuzasidan ayni damda tekshiruv davom etmoqda.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov vaziyatga munosabat bildirib, O‘FA hamda PFL bundan buyon ham o‘z o‘yinchilariga nisbatan bunday behurmatlik qiladigan va ularning huquqlarini poymol etadigan har qanday klub rahbariyati va murabbiylariga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini bildirdi.
O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Iftixor” futbol klubi direktori Ahror Ergashev va klub katta murabbiyi Nodir Qo‘ziboyev har qanday futbol faoliyati olib borishdan butunlay chetlatildi.
“Iftixor” Pro-Liganing “B” guruhida to‘qqizta o‘yin o‘tkazib, so‘nggi o‘rinlardan birini band etib turibdi. Asad Do‘rmonov hamda Nodir Qo‘ziboyev shogirdlari may oyida 3 o‘yin o‘tkazib, “Labsa” klubiga 2:1 hisobida yutqazgan bo‘lsa, “Sherdor” klubi bilan mezbonda 1:1 o‘ynab, mehmonda 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Izoh (0)