“Mariya” dovulidan so‘ng Puerto-Rikoda o‘lim soni 62 foizga o‘sib, 4645 kishiga yetgan. Bunday hisob-kitoblarni Garvard universiteti olimlari keltirib o‘tdi. Ularning fikricha, ushbu marhumlarni ham dovul qurbonlariga kiritish kerak, chunki ularning vafoti orol infratuzilmasining buzilishi bilan bog‘liq. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Tadqiqotchilar guruhi 2017-yil sentabrida “Mariya” dovuli yog‘ilgan Puerto-Riko oroli aholisi o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, tabiiy ofat oqibatlarini baholamoqchi bo‘ldi. So‘rov homiylari orasida Garvard universitetining tibbiyot fakulteti ham bo‘lgan.
Tadqiqotchilar e’tirof etishicha, jiddiy halokatdan keyin qurbonlar sonini hisoblab chiqish qiyin. “Mariya” dovulidan halok bo‘lganlar soni rasman 64 kishi deb e’lon qilingan.
Dovuldan keyin (20-sentabrdan 31-dekabrgacha) har qanday sabablarga ko‘ra yuz bergan o‘limlar sonini hisoblab chiqish uchun tadqiqotchilar Puerto-Rikodagi 3299 ta tasodifan tanlangan uy xo‘jaliklari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Aniqlanishicha, bu davrda jami 4645 kishi halok bo‘lgan, o‘lim sonining o‘sishi avvalgi yilga nisbatan 62 foizni tashkil qilgan.
“O‘lim soni darajasi 2017-yil dekabrining oxirigacha yuqori bo‘lib qolgan, barcha o‘limlarning uchdan biri esa tibbiy yordam ko‘rsatishning kechikishi yoki uzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan”, — deyiladi tadqiqot natijalarida.
Izoh (0)