Bu yil Qozog‘istonda e’lon qilingan “O‘zbekiston yili” munosabati bilan prezident Nursulton Nazarboyev 10 ming nafar o‘zbek yoshlari uchun grant ajratishga qaror qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Samarqand davlat universitetida boshlangan “Qozog‘iston ta’lim kunlari” ilmiy-ma’rifiy ko‘rgazmasida bu haqda batafsil ma’lumot berildi.
Ko‘rgazmada Qozog‘istonning Turon universiteti, Janubiy Qozog‘iston, Olmaota, Qarag‘anda, Chimkent davlat universitetlari, Tog‘-kon industriyasi instituti kabi 15 ta oliy o‘quv yurtining ta’lim yo‘nalishlari va ixtisosliklari bo‘yicha taqdimotlari o‘tkazilmoqda.
— Hozirda Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalarida 4 mingga yaqin o‘zbekistonlik tahsil olmoqda, — deydi Qozog‘iston ta’lim va fan vazirligi vakili Z.To‘rebekova. — Bu yil yurtimizda e’lon qilingan “O‘zbekiston yili” munosabati bilan prezident Nursulton Nazarboyev yana 10 ming nafar o‘zbek yoshlari uchun grant ajratishga qaror qildi. Bu yerga kelishdan avval Navoiy konchilik instituti bilan memorandum imzoladik. Samarqand oliy o‘quv yurtlari bilan ham bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlari, zamonaviy axborot texnologiyalari, masofadan turib o‘qitish, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash masalalarida hamkorlik qilishni rejalashtirganmiz.
Tadbir ishtirokchilariga “Qozog‘iston – O‘zbekiston: katta yo‘lning boshlanishi” hujjatli filmi namoyish etildi.
Ko‘rgazma 20-mayga qadar davom etadi.
Izoh (0)