Toshkent shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimlarini mobil videokameralar bilan ta’minlash jarayoni 2018-yilning sentabridan boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB tomonidan 17-may, payshanba kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
IIBB axborot multimedia markazi boshlig‘i o‘rinbosari Irina Sayfutdinovaning ma’lum qilishicha, “ushbu masala bo‘yicha ishlanmoqda, tegishli muddatlar belgilangan”. “Sentyabr oyidan boshlab, ushbu yangilik aprobatsiyadan o‘tkazila boshlashi ko‘zda tutilgan”, — deya ma’lum qildi IIBB vakilasi.
“Podrobno.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Toshkent shahri uchun 2 mingdan ziyod shunday maxsus qurilmalar xarid qilinishi rejalashtirilayotgani, Xitoy, Janubiy Koreya va O‘zbekistondagi yetkazib beruvchi kompaniyalar taklif qilayotgan variantlar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.
Loyiha 2018-yil sentyabridan boshlab amalga oshirilishi haqida bungacha, mart oyida, IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov ham ta’kidlab o‘tgan edi. “Hozirda ushbu masala ustida ishlayapmiz va yetkazib beruvchilarni tanlayapmiz. Masala oddiy emas, izchil o‘rganishni talab qiladi”, — degandi bosh boshqarma vakili.
Qayd etish joiz, O‘zbekistonda yo‘l-patrul xizmati xodimlarini mobil videokameralar bilan ta’minlash haqida ilk bor mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 11-iyuldagi qarorida so‘z borgan edi. O‘shanda IIVga uch oy muddatda ushbu masala bo‘yicha hukumatga takliflar kiritish haqida topshiriq berilgan edi.
Shuningdek, Prezident 2017-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ushbu masalaga to‘xtalib, 2018-yildan boshlab ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlari xodimlarining fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beradigan videokameralar bilan ta’minlanishini ma’lum qilgan edi.
“Bu tizim sohadagi mavjud ta’magirlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini beradi”, — degandi o‘shanda Prezident.
Izoh (0)