Italiyaning Tremiti orollarida bir martalik plastik idishlardan foydalangan sayyohlar 500 yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Tremiti orollari Adriatika dengizidagi Italiyaning yagona arxipelagi hisoblanadi. Beshta oroldan iborat arxipelag Gargano yarimorolidan 20 kilometr sharqda joylashgan.
Ommaviy turizmning oqibatlari juda jiddiy bo‘lib, orollarda ko‘p miqdorda plastik chiqindi to‘plangan. Ular plyaj va qirg‘oqbo‘yi suvlarini ifloslantirmoqda. Shu munosabat bilan Tremiti meri Antonio Fentini arxipelagda joriy yilning may oyidan boshlab plastik idishlardan foydalanishga taqiq joriy qildi.
Taqiq sayyohlar va mahalliy aholi uchun birdek amal qiladi. Qoidani buzganlik uchun jarima miqdori 50 yevrodan 500 yevrogacha bo‘lishi mumkin.
Merning so‘zlariga ko‘ra, tabiat qo‘ynidagi tamaddilar taqiqlanmaydi, biroq ularda ko‘p martalik yoki biologik parchalanadigan idishlardan foydalanish kerak bo‘ladi.
Izoh (0)