28—29-noyabr kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekiston madaniy merosi” multimedia loyihasi doirasida “Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi — ma’rifatli kelajak poydevori” mavzusidagi xalqaro media-forum o‘tkazilmoqda.
Tadbirda dunyo ilm-fanining yetuk namoyondalari, muzey, kutubxona, ilmiy institut va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, mahalliy olim va ekspertlar hamda OAV xodimlari ishtirok etmoqda.
Media forumda “Sharq yozma yodgorliklari durdonalari” loyihasining taqdimoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Uning doirasida xorij to‘plamlarida saqlanayotgan bebaho qadimiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari O‘zbekiston kolleksiyasiga berish uchun chop etilmoqda.
Ulardan birinchi bo‘lib “Katta Langar Qur’oni”, “Devoni Sulton Husayn Boyqaro”, “Ravzat us-Safo” (“Poklik bog‘i”), “Me’rojnoma” va “Temur tuzuklari” chop etildi.
Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti va Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan ushbu kitoblarning faksimile nusxalari Yevropaning mashhur bosmaxonalaridan birida yuqori texnologiyalar bo‘yicha tayyorlangan. Ular maksimal darajada asl nusxasiga yaqin, tabiiy oltin qoplamali qog‘ozda yaratilgan. Nusxalar shunchalik hashamatdorki, ularni foliolardan farqlash mushkul. Ushbu nusxalarning O‘zbekiston hukumati va xalqiga topshirilishi xalqaro media-forumning asosiy gumanitar voqeasi bo‘ladi.
Shuningdek, forumda “O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasi doirasida chop etilgan navbatdagi beshta kitob-albomning taqdimoti hamda ularni 49 ta davlatning 136 ta muzey va kutubxonalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)