O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha so‘nggi yilda qabul qilingan chora-tadbirlar samaradorligini Jahon bankining “Biznesni yuritish” (Doing Business) xalqaro hisobotining so‘nggi nashri ham tasdiqladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Joriy yilning 31-oktabrida e’lon qilingan “Biznesni yuritish 2018: ish o‘rinlari yaratish uchun islohotlar” hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning 190 davlati ichida 74-o‘rinni egallab, o‘tgan yildagi mavqeini biryo‘la 13 pog‘onaga yaxshiladi. Qolaversa, mamlakat biznes yuritish uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotchi davlatlar o‘nligiga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Hisobotdagi 10 ta indikatorning 6 tasi bo‘yicha sezilarli o‘sishning qayd etilganligi ham ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko‘lami va natijadorligidan darak bermoqda.
Xususan, O‘zbekiston korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish (11-o‘rin), elektr tarmoqlariga ulanish (27), shartnomalar ijrosini ta’minlash (39), kreditlash tizimi (55), minoritar investorlar himoyasi (62), mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish (73) va soliqqa tortish (78) yo‘nalishlari bo‘yicha jahonning birinchi 100 mamlakati qatoridan joy oldi.
“Biznesni yuritish 2018: ish o‘rinlari yaratish uchun islohotlar” hisoboti Jahon banki guruhi yillik nashrining 15-soni hisoblanib, unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi tartibga solish normalari baholab boriladi.
Tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha jahon reytingini Yangi Zelandiya boshqarmoqda. Shuningdek, kuchli beshlikdan Singapur, Daniya, Janubiy Koreya va Gonkong o‘rin olgan
Izoh (0)