Rossiya Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy mamlakat hukumatiga murojaat qilib, “Yo-mobil”ini tuzatishda yordam so‘radi, deb yozadi “Kommersant”. Bunda gap Jirinovskiy uch yil avval biznesmen Mixail Proxorovdan sovg‘a tariqasida olgan mashina haqida bormoqda.
Jirinovskiyning so‘zlariga ko‘ra, avtomobilda yuk tortish batareyasi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan. Natijada mashina zaryad olmay qo‘ygan. Bu detalni sotib olish iloji yo‘q, shu sababli ham partiya yetakchisi ko‘mak so‘radi.
“Afsuski, ushbu avtomobilni tuzatishga qodir mutaxassislarni topib bo‘lmadi”, — deya qo‘shib qo‘ydi Jirinovskiy.
Mudofaa-sanoat kompleksini nazorat qiluvchi bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Rogozin Jirinovskiyning murojaatiga javob qildi hamda sanoat va savdo-sotiq vazirligiga deputatning murojaatini ko‘rib chiqish va uni vaziyatdan chiqish yo‘llari haqida xabardor qilishni topshirdi. Shuningdek, hazil tariqasida partiya yetakchisi mashinasini gusenitsa (tank, traktorlarda g‘ildirak vazifasini o‘tovchi keng zanjir tasma) va zambarak bilan jihozlashni, buning uchun “Uralvagonzavod” korporatsiyasini jalb etishni taklif qildi.
Sanoat va savdo-sotiq vaziri Denis Manturov ham hazilomuz tarzda bu talabni “Uralvagonzavod”ga yetkazishga va’da berdi.
Izoh (0)