“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi so‘rovida ishtirok etganlarning 89,6 foizi fikricha, davlat rahbari tomonidan asos solingan fuqarolar bilan faol va ochiq muloqot qilishning yangi tizimi, Xalq qabulxonalari instituti aholining dolzarb muammolarini hal qilishning samarali mexanizmi hisoblanadi. Bu haqda “Xalq so‘zi” gazetasi xabar bermoqda.
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mutaxassislari 2017-yil boshidan beri aholining ushbu masala yuzasidan fikrini monitoring qilib keladi. Markaz vakillari jami 2000 ta xonadonga tashrif buyurdi. Ularning 702 tasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga murojaat qilgan fuqarolar aniqlandi.
So‘rovda ishtirok etganlarning 35,1 foizi davlat hokimiyati yoki xo‘jalik boshqaruvi organlariga murojaat qilgan. Ularning aksariyati tadbirkorlar, davlat xizmatchilari va pensionerlardir. Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri aholisi o‘zlarining ushbu huquqlaridan keng, Buxoro va Jizzax aholisi esa kam foydalangan. Tadqiqotning ko‘rsatishicha, qishloq ahli shaharliklarga, ayollar esa erkaklarga qaraganda ko‘proq davlat organlariga murojaat qiladi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi an’anaviy, ya’ni tashkilotlar, vazirliklar, idoralar va hokimliklar qabulxonalari orqali yozma ariza vositasida murojaat qilishni maqbul, deb biladi. Yoshlar va o‘rta yoshlilar esa internet tarmog‘i orqali murojaat qilishni ma’qul ko‘radi. Ularning 87,1 foizi fikricha, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — gov.uz jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor qabul qilish va uzatishning samarali vositasi hisoblanadi. Fuqarolarning ko‘pchiligi (81,2 foizi) mustaqil ravishda, ya’ni birovning yordamisiz murojaat qilgan. So‘rovning har beshinchi ishtirokchisi e’tirof etishicha, ular ariza yoki shikoyat matnini tuzishda qarindoshlari, hamkasblari, tanishlari yoki yuristlardan yordam so‘ragan.
Davlat tashkilotlariga yo‘llangan murojaatlarning mutlaq ko‘pchiligi — 91,7 foizi shaxsiy mazmundagi masalalar ekanligi diqqatga sazovor. Fuqarolarning jamoa bo‘lib murojaat qilishi keng tarqalmagan. Davlat organlariga, asosan, ariza va shikoyatlar tushadi, ammo takliflar u darajada ko‘p emas.Bu ko‘rsatkich odamlarda grajdanlik faolligi va tashabbuskorligi yetarli darajada emasligini ko‘rsatadi. Ko‘pchilik davlat ularga yordam berishi kerak, deb hisoblaydi. Ammo o‘zlarining amaliy ishlari uncha ko‘zga tashlanmaydi.
Tadqiqotda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi turli darajadagi hokimliklarga, 31,2 foizi esa mahalla fuqarolar yig‘inlariga murojaat qilgan. Fuqarolar o‘z huquq va manfaatlarini ta’minlash, himoya qilish yoki qayta tiklashni so‘rab sud idoralariga, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat etuvchi organlarga, pensiya jamg‘armasiga ham arz qilishadi. 2017-yilda 18-20 yoshdagilarning murojaatlari ko‘proq ta’lim idoralariga, 21-30 yoshdagilarniki esa mahallalarga yo‘naltirilgan. So‘rov yana shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning daromadi qancha past bo‘lsa, ular yordam olish uchun shuncha ko‘p tashkilotlar va muassasalarga murojaat qiladi.
Kishilarni ko‘proq kommunal xizmat, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va isitish ta’minoti masalalari tashvishlantiradi. Respondentlarning 24,1 foizi oilaviy muammolarni hal qilishda yordam so‘ragan. Pensiyalar, ijtimoiy nafaqalarni vaqtida olish, bankdan ssuda va kreditlar ajratishdagi to‘siqlar, sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi bilan bog‘liq masalalarda murojaat qilayotgan fuqarolar ham talaygina.
Fuqarolarning 84,6 foizi murojaat qilgan tashkilot rahbari yoki boshqa mansabdor shaxs ularni qabul qilganligi va masalani “nazoratga olgan”ligidan mamnunligini bildirgan. “Arizangizdan voz kechish yoki qaytarib olish maqsadida Sizga biror kishi ruhiy tazyiq (jumladan, tahdid, qo‘rqitish) o‘tkazdimi?” degan savolga mutlaq ko‘pchilik ishtirokchi (94,4 foiz) “yo‘q”, deb javob bergan. Shunday bo‘lsa-da, har oltinchi respondent “ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilgan tashkilot yoxud idora mansabdor shaxsi tomonidan qabul qilinmaganligini” ta’kidlagan.
Tashkilot, vazirlik yoki idoraga murojaat qilgan fuqarolarning 57,8 foizi o‘z arizasiga qonunchilikda belgilangan 15 kunlik muddat ichida javob olgan. 8,9 foizi esa javobni 1 oylik muddat ichida olganliklarini bildirgan. Murojaatiga o‘z vaqtida hamda umuman javob ololmagan fuqarolar soni kamaygan. So‘rovda qatnashganlarning 72,8 foizi o‘z ariza yoki shikoyatlariga tegishli tashkilotlar tomonidan aniq chora ko‘rilganligini ma’lum qildi.
Izoh (0)