Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Rossiyaning “XIMPEK” kompaniyalar guruhi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuv davomida xodimlar bilan ishlash bo‘yicha direktor T. Andreyeva “XIMPEK” va uning Rostov viloyatidagi faoliyati haqida hikoya qildi. Bu yerda mebel ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, guruh tarkibiga kiruvchi “Donskoy tekstil” MChJ joylashgan. Mazkur tikuv korxonasi agentlik bilan O‘zbekistondan uyushgan ishchi kuchini tanlab olish borasida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. Hozirda “Donskoy tekstil”da O‘zbekistonlik 15 kishi mehnat qilmoqda.
T. Andreyeva ishchi-xodimlarning korxonada mehnat, dam olish va yashash sharoitlari tasvirlangan video va fotomateriallar bilan tanishtirdi. Korxona xodimlarni yashash uchun barcha sharoitlar — keng turar-joylar, televizor va mikroto‘lqinli pechlar qo‘yilgan oshxonalar, zamonaviy mashinalar bilan jihozlangan kir yuvish xonalariga ega bepul yotoq bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, “Donskoy tekstil” yil mobaynida ishlagan taqdirda o‘z hisobidan safar xarajatlarini qoplash, xodimning bo‘lajak maoshi hisobidan ruxsat berish hujjatlarini (patent) rasmiylashtirishni zimmasiga olishga tayyor.
Uchrashuv yakunida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Donskoy tekstil” MChJ o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini korxonada ishlashga jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Izoh (0)