Toshkentda O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining xalqaro hamkorligi mavzuiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi prezidenti T. Konoye, O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati raisi H. Karimov va boshqalar ushbu tadbir doirasida jurnalistlar bilan muloqot qildi. Ular O‘zbekistonda aholini kuchli ijtimoiy himoya qilish, salomatligini muhofazalash, tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirish, turli favqulodda vaziyatlarda tezkor va malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasida O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyatining xalqaro aloqalari ko‘lami kengayib borayotganini ta’kidladi.
Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi prezidenti Tadateru Konoye 29-iyun kuni O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati faoliyati bilan tanishish maqsadida mamlakatga kelgan edi. Tashrif davomida Xotin-qizlar qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash, Favqulodda vaziyatlar vazirliklarida uchrashuvlar o‘tkazdi. Martabali mehmon poytaxtdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi eksponatlari bilan tanishdi.
Tadbirda Qizil Xoch va Qizil yarim oy jamiyatlari xalqaro federatsiyasi bilan hamkorlik holati, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan yirik loyihalar va istiqboldagi vazifalar xususida ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.
Izoh (0)