Qozog‘iston parlamenti senati 22-iyun, payshanba kuni “Qozog‘iston Respublikasining ba’zi qonunchilik hujjatlarini Qozog‘iston Respublikasi konstitutsiyasi me’yorlariga muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi, deya xabar bermoqda “TASS”. Hujjat terrorchilik va boshqa o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun fuqarolikdan mahrum qilishni ko‘zda tutadi.
Qonun loyihasidan ko‘zlangan maqsad — qonunchilik hujjatlarini yaqinda konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlar bilan muvofiqlashtirish. Unda terrorchilik harakatini amalga oshirganlik, terrorchilik guruhini tuzganlik va unga rahbarlik qilganlik hamda uning faoliyatida ishtirok etganlik uchun fuqarolikdan mahrum qilish ko‘rinishidagi muqobil jazo taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, respublikaning milliy va hayot uchun muhim manfaatlariga og‘ir zarar yetkazadigan jinoyatlar uchun ham fuqarolikdan mahrum etish taklif etilmoqda. Bunday jinoyatlarga genotsid, ayirmachilik faoliyati, ekstremistik guruhni tuzish va boshqarish yoki uning faoliyatida ishtirok etish kabilar kiritilgan.
Izoh (0)