14-iyun, chorshanba kuni jangarilar Somali poytaxti Mogadisho shahridagi Posh Treats mehmonxonasi yaqinida avtomobilni portlatib yubordi, shundan so‘ng Pizza House restoraniga bostirib kirdi va bir necha kishini asirga oldi, deb xabar berdi “Korrespondent.net”.
Uyushtirilgan ikkita hujum oqibatida ko‘plab insonlar jabr ko‘rdi. AP agentligining ma’lum qilishicha, kamida 17 kishi halok bo‘lgan va 26 kishi jarohat olgan. Boshqa bir manbaning xabar berishicha, 12 kishi o‘ldirilgan, 30 kishi jarohat olgan. Jabrlanganlar orasida xorijliklar, jumladan, bir nafar Suriya fuqarosi ham bo‘lgan.
Hujumni uyushtirgan jangarilarning ikki nafari politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Asirga olinganlarning 10 nafari binodan olib chiqilgan. Restoran ichida yana beshta terrorchi bor. Jangarilar maxsus xizmat vakillarining zarbasiga qarshilik ko‘rsatish maqsadida binodagi elektr ta’minotini o‘chirib qo‘ygan. Bino ichida yana necha kishi borligini aniqlanmoqda.
Hujum uchun mas’uliyatni Ash-Shabob terrorchilik tashkiloti o‘z bo‘yniga oldi.
Izoh (0)