Buyuk Britaniya politsiyasi 3-iyun kuni Londonda yuz bergan teraktning uch ijrochisidan ikki nafarining ismini ma’lum qildi. Ular 27 yoshli Hurram Shazad Batt va 30 yoshli Rashid Reduan. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ikkala terrorchi ham London sharqidagi Barking tumanida istiqomat qilgan.
Batt — Pokistonda tug‘ilgan Britaniya fuqarosi. Reduanning kelib chiqishi hozircha aniq emas: u o‘zini ham marokashlik, ham liviyalik deb atagan. U, shuningdek, Rashid Elkdar ismidan foydalangan.
London politsiyasining xabar qilishicha, Hurram Shazad Batt ilgari politsiya va MI-5 ga ma’lum bo‘lgan. Biroq Rashid Reduan shu vaqtgacha politsiya nazariga tushmagan.
4-iyunga o‘tar kechasi avtofurgondagi noma’lum shaxslar London ko‘prigidagi piyodalarga urildi, keyin ularga pichoq bilan hujum qildi. Keyinroq Boro bozorida ham pichoq bilan hujum qilinganligi qayd etildi. Politsiyachilar terrorchilarni yo‘q qildi. Terakt oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi, 48 kishi jarohat oldi. London politsiyasi terakt ishi bo‘yicha 12 kishini hibsga oldi.
Izoh (0)