Malayziyada IShIDga aloqadorlik gumoni ostida olti kishi hibsga olindi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Politsiya bosh inspektori Xolid Abu Bakarning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchilar bir hafta davom etgan reydlar davomida mamlakatning to‘rt shtati hududida qo‘lga olingan.
Abu Bakarning qayd etishicha, gumonlanuvchilardan biri Tailand janubiga o‘qotar qurol olib borish haqida ko‘rsatma olgan bo‘lgan.
Qo‘lga olingan yana ikki shaxs — biri diniy maktab o‘qituvchisi, ikkinchisi esa tadbirkor — Suriyadagi jangarilarga ko‘mak berganlikda gumon qilinmoqda.
Gumonlanuvchilar orasida iste’fodagi harbiy ham bo‘lib, u qariyb 20 ming ringit (taxminan 5 ming dollar) miqdoridagi pulni Suriyadagi jangarilarga yuborgan, deb taxmin qilinmoqda.
Abu Bakarning so‘zlariga ko‘ra, barcha gumonlanuvchilar keyingi tergov harakatlarini olib borish uchun hibsda saqlanadi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)