Jenevada 22-may kuni boshlangan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yuqori organi hisoblanuvchi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi 70-sessiyasida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Sessiya kun tartibiga ko‘ra, 23-may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga yangi rahbar saylandi. Bu lavozimga JSSTga a’zo davlatlar tomonidan efiopiyalik nomzod, mazkur mamlakatning sog‘liqni saqlash va tashqi ishlar bo‘yicha sobiq vaziri 52 yoshli Tedros Gebreyesus saylandi.
Yangi rahbar o‘z ishini 2017-yilning 1-iyulidan boshlaydi.
Jeneva safari davomida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov JSSTning yangi rahbari Tedros Gebreyesus bilan ikki tomonlama alohida uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida Tedros Gebreyesus o‘zi olib borgan saylovoldi kampaniyasida ilgari surgan g‘oyalarining asosiy qismi O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan ustuvor maqsadlar bilan o‘zaro mos kelishini ta’kidladi.
Shuningdek, u O‘zbekiston va JSST o‘rtasida O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga har doim tayyorligini bildirdi.
“JSSTning yangi rahbariga O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, istiqboldagi rejalar va dasturlar haqida ma’lumot berildi”, — deyiladi vazirlik axborotida.
Izoh (0)