Ispaniya Konstitutsiyaviy sudi Kataloniya parlamentining kelgusi yili mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
“2017-yili referendum o‘tkazishni rejalashtirgan Kataloniya parlamenti qarori to‘xtatildi”, — deyiladi sud bayonotida.
Kataloniya yetakchisi Karles Puchdemont markaziy hukumat ma’qullashi yoki yo‘qligidan qat’i nazar, 2017-yil sentabrida mustaqillik to‘g‘risida referendum o‘tkazilishini va’da qilgandi. Kataloniya parlamentining aksariyat deputatlari Ispaniyadan ajralib chiqish bo‘yicha yangi referendum o‘tkazilishini yoqladi.
Ma’lumot uchun, 2014-yili Kataloniya Madrid rasmiy ovoz berish haqidagi taklifni rad etgandan so‘ng norasmiy referendum o‘tkazgan, unda qatnashganlarning 80 foizdan ortig‘i mustaqillikni ma’qullagandi. Biroq ramziy tarzda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirda 6,3 million kataloniyalik saylovchining atigi 2,3 millioni ishtirok etgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)