Eron janubi-sharqidagi Siston-Balujiston viloyatida sud binosiga qurolli hujum uyushtirildi. Natijada kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi. Bu haqda dastlab Eronning davlat ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Davlatga qarashli Mizan Online nashriga ko‘ra, qurollangan noma’lum shaxslar Zahedon shahridagi sud binosiga hujum qilgan. Bosqin oqibatida besh nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 13 kishi yaralangan.
IRNA agentligi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tayanib hujumni uyushtirgan uch kishi o‘ldirilganini xabar qildi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, terrorchilar binoga oddiy aholi ko‘rinishida kirishgan va qo‘l granatasi tashlashgan. Qurbonlar orasida bir yoshli bola va uning onasi ham bor.
Hujum uchun javobgarlikni “Jaish al-Adl” (“Adolat armiyasi”) nomli baluj jangari guruhi o‘z zimmasiga oldi. Ushbu guruh, asosan, Eron, Pokiston va Afg‘oniston chegaralari oralig‘ida faoliyat yuritadi.
Siston-Balujiston viloyati Tehrondan 1 200 km janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, Pokiston va Afg‘oniston bilan chegaradoshdir. Hududda baluj jangarilari, radikal guruhlar hamda giyohvand moddalar kontrabandachilari o‘rtasida tez-tez to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. O‘tgan yilning oktyabr oyidagi teraktda 10 nafar politsiyachi halok bo‘lgan edi.
Izoh (0)