Britaniyaning The Telegraph nashri tomonidan uyushtirilgan hamda Angliya futbolida korrupsiya va poraxo‘rlik dalillarini topishga qaratilgan 10 oylik maxsus surishtiruvda futbol bo‘yicha Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Sem Ellardays korrupsiyaga aloqadorligi fosh etildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
O‘zini osiyolik biznesmenlar deb tanishtirgan The Telegraph jurnalistlari Ellardays bilan muzokarada ishtirok etdi.
61 yoshli mutaxassis o‘z lavozimi va aloqalaridan foydalanib, “biznesmenlar”ga Angliya klublari transferlaridan daromad olishga yordam berishga rozi bo‘ldi. O‘z navbatida, murabbiy yordami uchun 400 ming funt sterling so‘radi.
Bundan tashqari, Ellardays Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA)ning o‘yinchilar transferidan uchinchi shaxslarga futbolchining huquqiga ega bo‘lishni taqiqlovchi qoidalarni chetlab o‘tish yo‘llari haqida so‘zlab berdi.
The Telegraph xodimlari surishtiruv ishini batafsil yoritgan holda FA’ga xat ko‘rinishida yubordi. Angliya futbol uyushmasi vakili ushbu ish yuzasidan to‘liq hisobot va muzokaralar tahlilini taqdim qilishni so‘radi. Sky Sports telekanali FA Sem Ellardaysga nisbatan surishtiruv boshlaganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, Sem Ellardays Angliya terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishidan avval “Sanderlend” klubida faoliyat olib borgan.
Murabbiylik faoliyati davomida u “Vest Xem”, “Blekbern”, “Nyukasl” va “Bolton” singari ingliz klublarida ham ishlagan.
Izoh (0)